2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida yangi va foydalanishda bo‘lgan avtomobillarni sotib olish va (yoki) O‘zbekistonga vaqtincha olib kirish uchun yig‘im miqdorini xarid narxining 1 foizigacha kamaytirish taklif etilmoqda. Bu haqda Hisob palatasining xulosasida aytiladi.

Bunda davlat auditorining fikricha, mazkur holatda avtotransport vositalarini O‘zbekiston hududiga vaqtinchalik olib kirganlik uchun yig‘im qiymatini aniqlash obyektini (avtotransport vositalarini xarid qilish narxini tasdiqlovchi hujjatlar) aniqlash imkoniyatining qiyinligi, shuningdek xarid narxini tasdiqlovchi hujjatlarni chet ellik fuqarolar tomonidan olib yurishga majburiyat yuklanayotganligi sababli, ortiqcha ovoragarchiliklar va ko‘p sonli haqli e’tirozlarni yuzaga keltiradi.

Xulosa, shuningdek, avtomashinalar va ko‘chmas mulkni boshqalarga berish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlash xarajatlari bilan bog‘liq muammo tahlil qilinadi. Hozirda avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik va sotib olganlik uchun notarial idoralar orqali belgilangan miqdorlarda davlat boji hamda ichki ishlar idoralarida yig‘imlar undiriladi.

Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas va ko‘char mulkni rasmiylashtirishda undiriladigan davlat bojlari va to‘lovlar o‘rtasida katta tafovutlar mavjud.

Masalan, mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlashda notarial harakatlarni amalga oshirganlik ko‘chmas mol-mulk uchun umumiy maydoniga qarab quyidagi miqdorlarda davlat boji undiriladi:

Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa:

  • 100 kv.m. gacha bo‘lganda — BHMning 1 baravari;
  • 100 kv.m. dan 200 kv.m.gacha bo‘lganda — BHMning 2 baravari;
  • 200 kv.m. va undan ortiq bo‘lganda — BHMning 3 baravari.

boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa:

  • 100 kv.m. gacha bo‘lganda — BHMning 50 foizi;
  • 100 kv.m. dan 200 kv.m.gacha bo‘lganda — BHMning 1 baravari;
  • 200 kv.m. va undan ortiq bo‘lganda — BHMning 1,5 baravari.


Masalan, avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun ishlab chiqarilgan sanasi va ot kuchiga qarab yengil avtomobillar uchun quvvati 110 ot kuchigacha bo‘lsa, o‘rtacha (Chevrolet Nexia-3 misolida) 1 620,0 ming so‘m davlat boji va 3 118,5 ming so‘m yig‘im (yoki jami 4 738,5 ming so‘m to‘lov), quvvati 110 ot kuchidan yuqori bo‘lsa, o‘rtacha (Chevrolet Tracker misolida) 2 700,0 ming so‘m davlat boji va 3 653,1 ming so‘m yig‘im (yoki jami 6 mln 353,1 ming so‘m to‘lov) undiriladi.

Bunda, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida joylashgan umumiy maydoni 100 kv.m.gacha bo‘lgan ko‘chmas mol-mulk uchun (o‘rtacha bozor bahosi 350−400 mln so‘m) 270,0 ming so‘m davlat boji ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquqlar va ular bo‘yicha tuzilgan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun (BHMning 1,25 baravari) 337,5 ming so‘m (yoki jami 607,5 ming so‘m to‘lov) undiriladi.

Jismoniy shaxsga tegishli 2 turdagi mulklardan birining bozor qiymati (avtotransport) boshqasiga (uy-joy) nisbatan 4 barobar past bo‘lsada, bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda (boj va yig‘im) 8 barobar ko‘p to‘lov undirilmoqda.

Natijada, fuqarolar oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish o‘rniga, ishonchnomalarni rasmiylashtirish orqali avtotransport vositalarini boshqarish va mulk sifatida tasarruf etib, keyinchalik mulkiy munosabatlarda ayrim hollarda o‘zaro nizolarni kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin

Hisob palatasi fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida, jismoniy shaxslar uchun ko‘chmas va ko‘char mulkni rasmiylashtirishda undiriladigan davlat bojlari va yig‘imlar miqdorini (mulklarni qiymatiga mutanosib ravishda) qayta ko‘rib chiqishni (unifikatsiya qilish) taklif qildi.