9 noyabr kuni DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat IIB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda terroristik guruhga a’zolikda gumon qilingan shaxslar ushlandi.

Xovos tumanida yashovchi B.T. va uning bir nechta hamfikrlari internet orqali Suriya hududidagi terrorchilik tashkilotlari a’zolarining ta’siriga tushib qolgani aytilmoqda.

«Yaqin aloqalari orasida ekstremistik mazmundagi, xususan, «jihod»ga chorlovchi materiallarni muntazam ravishda tarqatib kelganlar», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, guruh yetakchisi B.T.ning kelgusida Suriyaga borib, terrorchi guruhlar tarkibiga qo‘shilishni maqsad qilganligi xususida tasdiqlovchi ma’lumotlar olingani ta’kidlangan.

Guruh a’zolarining yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuv jarayonida, ularning uyali aloqa vositalarida ekstremistik mazmundagi materiallar aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

«Mavjud materiallar asosida B.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida u hibsga olindi», — deya qayd etilgan.

Hozirda B.T. va uning aloqalariga nisbatan tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.