O‘zbekiston «yashil» kun tartibining dolzarb masalalarini ilgari surish va iqlim o‘zgarishi jarayonlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyor. Bu haqda 9 noyabr kuni Glazgoda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP26) ishtirokchi-davlatlari konferensiyasining 26-sessiyasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

Bosh vazir o‘rinbosari mamlakat nomidan milliy bayonot bilan chiqish qilar ekan, O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda sayyora kelajagi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga qo‘shilishini ta’kidladi, deb xabar berdi Aziz Abduhakimov rahbarligidagi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga.

U o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi hozirgi zamon asosiy muammolaridan biri bo‘lib, odamlarning hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Global harakterga va misli ko‘rilmagan miqyosga ega bo‘lgan iqlim o‘zgarishlarining oqibatlari Markaziy Osiyo mintaqasida to‘liq namoyon bo‘lmoqda.

Orol dengizi halokati natijasida mintaqada iqlim o‘zgarishlari jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar kuchliroq bo‘lmoqda. Salbiy oqibatlar qatorida chang bo‘ronlari chastotasi va geografiyasining ortishi, yerlarning yomonlashuvi keskinlashib borayotgani va suv resurslarining qisqarishi ham bor, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Bu jarayonlarni e’tirof etgan O‘zbekiston hukumati «yashil» kun tartibidagi masalalarni ilgari surish, ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. «Bu bizning bugungi va kelajak avlodlar oldidagi insoniy burchimizdir, — deya u prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqidan iqtibos keltirdi.

O‘zbekiston milliy miqyosda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha kompleks strategiya hamda qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturini amalga oshirmoqda. 2021 yildan boshlab mamlakatda har yili 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. 2030 yilga kelib iqtisodiyotning energiya samaradorligini ikki barobarga, qayta tiklanadigan energiya ulushini esa kamida 25 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, Parij kelishuvi doirasida O‘zbekiston 2010 yilga nisbatan 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyat oladi (bundan avval 10 foizga kamaytirish rejalashtirilgan edi). Ushbu maqsadga erishish uchun kam uglerodli rivojlanish milliy strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Mintaqaviy miqyosda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi hamkorlari bilan birgalikda «qurg‘oqchilik va suv tanqisligiga qarshi kurashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va unga tutash hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasida qat’iy choralar ko‘rmoqda», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Ana shu chaqiriqlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida kelasi yili Nukus shahrida BMT shafeligida «yashil» energiya bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Aziz Abduhakimov konferensiya ishtirokchilarini BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi doirasidagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.

O‘zbekiston, shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan «Katta yigirmatalik» (G-20) yig‘ilishida biologik xilma-xillik bo‘yicha muvozanatli va samarali Global asosni qabul qilish bo‘yicha kelishuvni olqishlaydi, dedi u.

Xalqaro ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun bosh vazir o‘rinbosari 2023 yilda BMTning Atrof-muhit bo‘yicha yuqori darajadagi 6-assambleyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

U shuningdek, O‘zbekiston Glazgodagi sammitda qabul qilingan o‘rmonlar va yerdan foydalanish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.