Agar biz soliq to‘lovchilar mablag‘larini sarflashda hisobdorlik va shaffoflikning yetarli darajada emasligi bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglamoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda davlat korxonalari mablag‘lariga g‘aznadek munosabatda bo‘lishga chek qo‘yishimiz lozim.

Davlat korxonalarining mablag‘larni «jamoat maqsadlarida» yoki «xayriya» nomi ostida sarf qilishdagi javobgarligi va vakolatlarini sezilarli darajada cheklash zarur. Davlat tashkilotlarining bunday «olijanob» maqsadlarga yo‘naltirilgan xarajatlari odatda kvazifiskal xarajatlar deb yuritiladi — ya’ni asosan budjet xarajatlarini takrorlaydigan, biroq budjet orqali o‘tmaydigan [budjetda aks etmaydigan] xarajatlar.

Aksariyat jamiyatlarda, ayniqsa rivojlangan jamiyatlarda xalq saylagan vakillar o‘z saylovchilarining qancha miqdorda va qanday tartibda soliqqa tortilishi, shuningdek, bu soliqlar qanday va qayerga sarflanishini hal qiladi. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Soliqlar va boshqa to‘lovlarni joriy qilish parlament mavjudligining eng muhim sababi sifatida Konstitutsiyamizda ham mustahkamlab qo‘yilgan: 78-moddaga ko‘ra, bu Oliy Majlisning mutlaq vakolati hisoblanadi.

Deputatlar, «budjetni tasdiqlash» deb yuritiluvchi protsedura doirasida, soliq to‘lovchilarning pullarini qay tarzda va qayerga sarflash yuzasidan qaror qabul qilar ekanlar, parlament hukumat zimmasiga budjetni qonun doirasida ijro etish majburiyatini yuklaydi.

budjet mablag‘larini istagancha sarflash mumkin emas — ijro etuvchi hokimiyat va hududiy hokimliklar ularni faqat deputatlar tomonidan qabul qilingan budjetda ko‘rsatilgan maqsadlargagina sarflash vakolatiga ega. Bu soliq to‘lovchilarning pul mablag‘lari faqat o‘sha soliq to‘lovchilarning vakillari — deputatlar — kollegial tarzda belgilab bergan maqsadlargagina sarflanishi uchun amalga oshiriladi.

Pulni qayerga sarflash — bu juda nozik mavzu, barcha fuqarolarning pullarini qayerga sarf qilish esa undan ham nozikroq masala. Shuning uchun ham sivilizatsiyalashgan jamiyatlar davlat pullarini faqat ushbu jamiyat a’zolari eng muhim deb hisoblagan ehtiyojlarga sarflash kerak degan xulosaga kelishgan.

Aytaylik, men soliqlarimning jamoat istirohat bog‘lariga sarflanishi tarafdoriman, lekin kimdir davlat pullari kutubxonalar uchun sarflanishini xohlaydi. Jamiyat o‘z vakillarini saylash orqali pul mablag‘larini istirohat bog‘lari va kutubxonalar o‘rtasida qanday taqsimlanishini hal qiladi.

Demak, budjet mablag‘lari — ma’lum bir jamiyat vakillarining kelishuvi natijasida aniq maqsadlarga ajratilgan pullar bo‘lib, bu mablag‘larni bemaqsad va o‘rinsiz sarflanish yoki o‘g‘irlanishdan himoya qiluvchi qator qonuniy chora-tadbirlar mavjud.

Albatta, davlat pullarini o‘g‘irlash yomon va hammamiz, aytaylik, budjet mablag‘larini o‘g‘irlaganlarni yoqtirmaymiz. Lekin, nazarimda, isrofgarchilik o‘g‘irlikka qaraganda yaxshiroq emasligi haqidagi haqiqatni ko‘zdan qochiryapmiz. Menimcha, bu hatto yomonroq ham.

Soliq to‘lovchilarning budjet tarkibiga kiritilmagan mablag‘larining ma’lum qismini sarflash to‘g‘risidagi qaror deputatlarning kollegial qarori asosida qabul qilinmaydi.

Ushbu hisobga olinmagan «budjet»dagi eng yirik «qism» «kvazifiskal xarajatlar» sirasiga kiradi — bu davlat korxona va tashkilotlari o‘z xo‘jalik faoliyati natijasida oladigan, lekin ularni, aytaylik, budjetga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazish o‘rniga, ijtimoiy yoki boshqa «hayriya» maqsadlarida sarflaydigan mablag‘lardir.

Misol uchun, agar samolyot ishlab chiqaruvchi davlat korxonasi o‘z mablag‘larining bir qismini istirohat bog‘i yoki kasalxona qurishga sarflasa, demak bu holatda kvazifiskal xarajatlarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Nima uchun ular budjetga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratmalardan ko‘ra yomonroq?

Birinchidan, budjet pullaridan farqli ravishda ularni sarflash to‘g‘risida Oliy Majlis qaror qabul qilmaydi, bu esa o‘z-o‘zidan Konstitutsiyaga unchalik ham mos kelmaydi. Davlat mablag‘larini sarflash masalasida gap uning miqdori qanchaligida emas: biz bu pul mablag‘lari yirik miqdorda bo‘lgani uchun emas, balki pul xalqniki bo‘lgani va uni qanday sarflash to‘g‘risidagi qarorni jamiyat qabul qilishi kerakligi uchun tegishli vakolatni parlamentga beramiz.

Davlat korxonasi o‘z xohishiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z mablag‘larining bir qismini ayrim jamoat ehtiyojlari uchun sarflashga qaror qilar ekan, soliqlar va budjet mavjudligining asosiy prinsipi buziladi. Qarorlar jamiyat tomonidan emas, balki kompaniya rahbariyati tomonidan qabul qilinadi.

Ikkinchidan, budjetdan tashqari xarajatlar hisobdorlik va ma’lumotlarni birlashtirish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi va shaffoflikni ta’minlashda jiddiy qiyinchilik tug‘diradi. budjet mablag‘larini sarflashning jiddiy tartib-taomillari mavjud bo‘lsa-da, davlat korxonalarining kvazifiskal xarajatlari aksariyat budjet qoidalariga umuman javob bermaydi. Ularga ko‘pincha hisobdorlik va jamoatchilik nazorati bilan bog‘liq qat’iy talablar kamroq qo‘yiladi.

Bu yerda gap faqat bu pullarni o‘g‘irlash osonligida emas: bunda shaffoflik bilan bog‘liq boshqa bir muammo ham borki, bu pullarni qayerga yo‘naltirish bo‘yicha tanlov qay darajada shaffof o‘tkazilganligi hech kimga ma’lum emas. Masalan, davlat korxonasi tomonidan bolalar bog‘chasi qurilishiga sarflangan mablag‘lar budjetga kiritilmagan va budjet hajmida aks etmaydi.

Birinchi muammo shundaki, bolalar bog‘chasi yoki shifoxona qurish bo‘yicha qarorlar parlament yoki tuman (shahar) jamoatchiligi tomonidan qabul qilinmaydi.

Ikkinchi muammo shundaki, bu bilan biz budjetdan tushum va xarajatlarni haqiqatda kam baholaymiz, bu esa hisobdorlikni ta’minlash uchun yomon va, eng asosiysi, bizga budjet xarajatlarimiz kamdek tuyuladi.

De-fakto, mamlakatda hech kim real budjetni hisoblay olmaydi, chunki barcha kvazifiskal xarajatlarni birlashtirishning imkoni yo‘q. Shuning uchun, aytaylik, bizning davlat xarajatlarimiz YAIMning atigi 32 foizini tashkil etishini ko‘rsatuvchi hisob-kitoblar kamaytirilgan va haqiqiy budjet hajmini aniqlash nihoyatda mushkul.

Buni hisoblash qiyin, chunki kvazifiskal xarajatlarning aksariyati xayriya emas va aslida korxonaning qanday xarajatlari tijoriy maqsaddagi biznes xarajatlar hisoblanadiyu, qanday xarajatlari kvazifiskal xarajatlar hisoblanadi — bilishning deyarli imkoni yo‘q.

Ammo savol tug‘iladi: agar kvazi-fiskal xarajatlar yomon bo‘lsa, nega biz bunga yo‘l qo‘ydik? Javob juda oddiy: stimullar. Misol uchun, siz viloyat rahbarisiz va oldingizda yo‘lni ta’mirlash vazifasi turibdi. Siz uchun hududingizdagi davlat korxonalariga yo‘lni ta’mirlashni yoki hokimlikka pul o‘tkazib berish to‘g‘risida aytish yoki ko‘rsatma berish bu pullarni budjet orqali yo‘naltirgandan ko‘ra ancha osonroq.

Nega bunday? Birinchidan, agar davlat korxonalari mablag‘lari budjet orqali yo‘naltirilsa, respublika (alohida viloyat) mablag‘larni qancha va qanday sarflayotgani darhol ma’lum bo‘ladi va daromadga nisbatan xarajatlarni qisqartirish uchun rag‘bat paydo bo‘ladi.

Ikkinchidan, xarajatlar ulushini oshirish uchun siz nimanidir qisqartirishingiz kerak va bu sizdan yetarlicha siyosiy kapitalni talab qiladi (qat’iyat, vakolat, mas’uliyat degandek).

Uchinchidan, budjet orqali olgan taqdiringizda ham, bu mablag‘lar yuzasidan hisob berish va nazorat qilish yana qiyinchilik tug‘diradi.

Shuning uchun ham, kelib chiqadiki, fiskal xarajatlarni qoplash uchun, aksariyat hollarda «Moliya vazirligining pullari» deb yuritiladigan budjet mablag‘larini emas, balki davlat korxonalari mablag‘larini sarflash hamma uchun qulayroq ekan. Biroq bu mablag‘lar orqali shaffoflik va hisobdorlik ta’minlanmaydi.

Siyosatchilar bu amaliyot nima uchun yomon ekanligini anglab yetishlari va uning oldini olishlari lozim. Afsuski, yetarlicha qonunchilik aralashuvisiz, davlat korxonalarining yirik miqdordagi kvazifiskal xarajatlari aksariyat qaror qabul qiluvchilarning manfaatlariga mos keladi.

Ya’ni, qonunchilik bosimisiz, mahalliy hokimiyat organlari, hatto, davlat tashkilotlari rahbarlarining o‘zlari ham bunday xarajatlarni kamaytirishdan unchalik manfaatdor emaslar — axir, bunday xarajatlar bo‘lmasa, unda samarasiz bo‘lish uchun hech qanday sabab qolmaydi. Bugungi kunda davlat korxonalari rahbariyati uchun «jamoatchilik yuki» shunday parda vazifasini o‘taydiki, samarasizlik va malakasizlikning haqiqiy manzarasini uning ortiga berkitish imkoni mavjud.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin