Namangan viloyatida oktabr oyi oxirlarida sodir bo‘lgan ikkita yo‘l transport hodisasida 8 nafar fuqaro og‘ir tan jarohati oldi, 3 kishi esa vafot etdi.

Birinchi hodisa 25 oktabr kuni 15:30 lar atrofida Chust tumanida sodir bo‘ldi. 1991 yilda tug‘ilgan Damas avtomobili haydovchisi Ko‘ktosh mahallasi hududida yo‘ldan o‘tayotgan 71 yoshli fuqaroni urib yuborgan.

Piyoda chap qo‘l tirsak suyagi yopiq sinishi, bosh miya ochiq shikasti tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan 26 oktabr kuni olamdan o‘tgan.

Ikkinchi holat 27 oktabr kuni soat 16:30 lar atrofida To‘raqo‘rg‘on tumanida qayd etilgan. 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro Cobalt mashinasini ishonchnomasiz boshqargan va harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan. Oqibatda u 30 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Damas avtomobiliga borib urilgan.

Damas mashinasi haydovchisi bilan birga jami 10 kishi bosh miya ochiq va yopiq shikasti, qovurg‘a suyaklari sinishi, o‘ng oyoq boldir suyagi sinishi va chiqishi kabi og‘ir jarohatlarni olgan. Ularning ikki nafari, 34 yoshdagi ayol va uning o‘g‘li voqea joyida vafot etgan.

Shifoxonaga yotqizilgan fuqarolar 30 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lib, ularning orasida 2 yoshli qizcha ham bor.

Har ikki holat yuzasidan ham tumanlarning IIB huzuridagi tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 266 moddasi 2 va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.