Markaziy Osiyoning aholisi eng zich hududlardan biri hisoblangan O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidagi kichik qishloqni tasavvur qiling. Bu yerda, huddi boshqa aholi yashash maskanlarida bo‘lgani kabi, xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoni mavjud emas hamda foydalanuvchilarning qariyb uchdan ikki qismi kuniga ko‘pi bilan olti soat davomida suv olishlari mumkin. Natijada, ushbu hududda yashovchi bolalar va
kattalar suv orqali yuqadigan kasalliklar oqibatidagi o‘lim holatlarining yanada yuqori ko‘rsatkichlariga to‘qnash keladilar.

Endi esa o‘zingizni Farg‘ona viloyatidagi aynan shu tumanning xokimi deb tasavvur qiling: siz aholi eski suv ta’minoti tizimidan qolgan ariqlardan ifloslangan suvni ichmasligi uchun infratuzilmani yaxshilashni istaysiz. Biroq, bu infratuzilmaviy loyihalarni qanday moliyalashtirish mumkin?

Xavfsiz va arzon ichimlik suvidan foydalanish inson huquqi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari 6 dasturining (BRM 6) asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Lekin, rivojlanish sohasidagi loyihalarning moliyalashtirilishi yetarli bo‘lmaganligi sababli (COVID-19 inqirozining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va ekologik tahdidlar bilan birgalikda), O‘zbekistonning 2030 yilgacha bu va boshqa BRMga erishishi qiyin kechishi ehtimoldan yiroq emas.

O‘zbekiston hukumati, Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibiga qat’iy sodiqligiga qaramay, mamlakat ehtiyojlarini qondirish sohasidagi moliyalashtirish taqchilligining o‘sishiga duch kelmoqda. 2019 yildagi baholashga ko‘ra, milliy BRMga erishish uchun har yili kamida 6 milliard AQSh dollari hajmidagi qo‘shimcha investitsiayalar talab etiladi. Yangi baholashga ko‘ra COVID-19 ta’siri oqibatlarini bartaraf etish 4 milliard AQSh dollari yoki mamlakat YAIMning 7 foizini talab qiladi.

Rivojlanish sohasidagi loyihalar uchun xususiy moliyalashtirishni jalb qilish

Moliyalashtirishning ushbu taqchilligini bartaraf etish maqsadida ham davlat, ham xususiy resurslarni safarbar etish uchun salmoqli qo‘shimcha va muntazam sa’y-harakatlar talab etiladi. Davlat va xususiy sarmoyalarni jalb qilishga doir choralarning biri sifatida O‘zbekiston Hukumati tomonidan milliy BRM maqsadlari va ko‘rsatkichlariga erishishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida impakt-investorlar va institutsional xaridorlarning mablag‘larini jalb qilish uchun BRM suveren obligatsiyalari muomalaga chiqarildi.

Ushbu maqsadda BRM obligatsiyalari Hadli bitimi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda qaysi loyihalar moliyalashtirish olish huquqiga ega ekanligi, obligatsiyalardan tushumlar qanday kuzatilishi va nazorat qilinishi, shuningdek obligatsiyalar muomalasi davomida hisobotlar qay tariqa taqdim etilishi ko‘rsatilgan.

Yangi obligatsiyalar yettita viloyatda BRMga yo‘naltirilgan davlat loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi: ta’lim (BRM 4), suv resurslarini boshqarish (BRM 6), salomatlik (BRM 3), yashil transport (BRM 9 va BRM 11), isloflanishga qarshi kurash (BRM 11), tabiiy resurslarni boshqarish (BRM 13 va 15) hamda yashil energiya (BRM 7).

Masalan, suv ta’minoti infratuzilmasini qurish bo‘yicha loyiha Farg‘ona viloyatining chekka tumanlaridagi aholi uchun xavfsiz va arzon ichimlik suvidan foydalanish imkonini yaratishi va shu tariqa bir nechta BRMga erishishga yordam berishi mumkin. Muvofiq ravishda, bunday loyiha BRM obligatsiyalari sotuvidan tushgan mablag‘lar hisobiga moliyalashtirishni olish huquqiga ega.

Mamlakat uchun bu — BRMga erishish yo‘lidagi muhim olg‘a qadam. Moliyalashtirishning ushbu yangi manbai tufayli mamlakat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish tomon yanada yaqinlashmoqda.

O‘zbekistonning BRM obligatsiyalari xorijiy investorlar uchun qanchalik jozibali?

Barqaror rivojlanish sohasidagi loyihalarda xususiy sektorning yanada keng ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Hukumati 2017 yildayoq yanada ochiqroq bozor iqtisodiyotiga o‘ta boshlagan.

Iqtisodiy siyosatning asosiy choralari narxlar, savdo tariflari va ayriboshlash kursini liberallashtirishni, iqtisodiyotni xususiy tashabbuslar, xalqaro savdo uchun ochishni, korxonalar va uy xo‘jaliklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlarni qisqartirishni qamrab olgan. Bunday liberallashtirilgan iqtisodiy siyosat O‘zbekistonga butun dunyodagi biznes vakillari uchun jozibali bo‘lishga yordam berdi.

Islohotlarning uzoqni ko‘zlovchi kun tartibi natijasi o‘laroq, O‘zbekiston 2021 yilning iyul oyida London fond birjasida BRM obligatsiyalarini joylashtirgan dunyodagi birinchi davlatlardan biri bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida ushbu obligatsiyalarga bo‘lgan talab o‘sa boshladi, shuningdek foiz stavkasi O‘zbekiston uchun foydali ko‘rsatkichda saqlanib qoldi. Jahon investorlari tomonidan bildirilgan yuqori qiziqish O‘zbekistonga nisbatan moliyaviy ishonchning ortib borayotganidan dalolat berib, investorlarning Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchini tasdiqlaydi.

Butun dunyoda BRM obligatsiyalari xalqaro institutsional investorlar uchun jozibador ekanligi aksariyat holatlarda obuna limitining oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Biroq, emitent-davlatlar tomonidan mablag‘lardan foydalanish yuzasidan ishonchli va aniq monitoring hamda hisobot ta’minlanishi, shuningdek moliyalashtirish uchun tanlangan loyihalar qay tariqa BRMga erishishga sezilarli ta’sir ko‘rsatishining namoyon etilishi kutilmoqda.

Aslini olganda, Butunjahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, «investorlarga nafaqat o‘z portfellaridagi ekologik, ijtimoiy va boshqaruv tavakkallarini kamaytirishni, balki investitsiyalari jamiyatning turmushiga hissa qo‘shishda yordam berayotganini ko‘rsatadigan ma’lumot kerak».

Hozirda BMTTD va mamtakatimiz Hukumati BRM obligatsiyalari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarning amalga oshirilishini har tomonlama va shaffof monitoring qilishni ta’minlash ustida ish olib borib, investorlar va keng jamoatchilikni O‘zbekiston tomonidan rivojlanish sohasidagi vazifalarga erishilishiga investitsiyalarning ta’siriga doir zarur axborot bilan ta’minlashga intilmoqdalar.

Matilda Dimovska, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili