Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi respublikaning barcha viloyat, tuman va shaharlarida hokim va hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash tizimini yo‘lga qo‘yib, uning natijalarini ochiqladi, deya xabar qilmoqda agentlik matbuot xizmati.

Endilikda rahbarlar faoliyati samaradorligini aks ettiruvchi mazkur reyting natijalari agentlikning argos.uz portali «Reyting» sahifasiga joylashtirilgan. Sahifada bir necha toifadagi reytinglar natijalari bilan tanishish mumkin, jumladan:

  • Natijadorligi yuqori hududlar;
  • Ko‘rsatkichlari eng yuqori tumanlar (shaharlar);
  • Hududlardagi ko‘rsatkichlari eng quyi tumanlar (shaharlar);
  • Hokim o‘rinbosarlarining EMSK bo‘yicha reytingi;
  • Tuman (shahar) hokimlarining TOP-20 talik reytingi;
  • Tuman (shahar) hokimlarining QUYI-20 talik reytingi.

Amaldagi reyting natijalariga ko‘ra, «Viloyatlarning TOP tumanlari» umumiy reytingida Navoiy hamda Xorazm viloyatlari kichik farq bilan yetakchilik qilmoqda. Eng quyi pog‘onani esa Surxondaryo viloyati egallagan.

«Hududlarda ko‘rsatkichlari eng yuqori tumanlar (shaharlar)» umumiy reytingida TOP beshtalikni Qorovulbozor tumani (Buxoro), Yangibozor tumani (Xorazm), Shirin shahri (Sirdaryo), G‘azg‘on shahri (Navoiy) va Mirobod tumani (Toshkent shahri) band etib turibdi. Eng quyi pog‘onalardan Qarshi shahri (Qashqadaryo) va Termiz tumani (Surxondaryo) joy olgan.

«Hududlarda ko‘rsatkichlari eng quyi tumanlar (shaharlar)» bo‘yicha umumiy reytingda esa Sariosiyo (Surxondaryo), Chiroqchi (Qashqadaryo), Bo‘stonliq (Toshkent), Pasdarg‘om (Samarqand) hamda Sayxunobod (Sirdaryo) tumanlari eng past natijani ko‘rsatganligi aks etgan. E’tiborli jihati shundaki, mazkur reytingda eng quyi o‘rinda turgan, ya’ni yuqoridagilarga nisbatan eng yirik ko‘rsatkichga ega bo‘lgan Urganch shahrining (Xorazm) qayd etgan ko‘rsatkichi ayrim viloyatlarning TOP tumanlari (shaharlari) ko‘rsatkichidan ham yuqoriroq ekanligini ko‘rish mumkin. Xususan, Qashqadaryoda yetakchi Qarshi shahri va Surxondaryoda yetakchi Termiz tumani mos ravishda 100 ballik sistemada 78,2 va 74,7 balni qayd etgan bo‘lsa, Xorazmda eng past natijaga ega bo‘lgan Urganch shahrining ko‘rsatkichi 80,5 ga teng.

Hokimlarning TOP-20 talik reytingida yana Qorovulbozor tumani (Buxoro), Yangibozor tumani (Xorazm), Shirin shahri (Sirdaryo), G‘azg‘on shahri (Navoiy) va Mirobod tumani (Toshkent shahri) hokimlari yetakchiligini ko‘rish mumkin. Quyi-20 talik reytingda esa ro‘yxatdagi dastlabki o‘nta o‘rinning sakkiztasi Surxondaryo viloyati tumanlari hokimlariga nasib etgan.


Reyting natijalari bilan batafsil quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Shuningdek, xabarda mazkur reyting natijalari 2021 yil iyun holatiga bo‘lib, 3-chorak natijalari ham yaqin kunlarda e’lon qilinishi eslatib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, reytingda yakuniy baholashning 50 foizini EMSK tashkil etsa, 30 foizi aholi orasida va 20 foizi mahalla raislari orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari asosida shakllantiriladi.

Avgust oxirida prezident qarori bilan hokimlarning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tartibi joriy etilishi to‘g‘risida xabar qilingan edi. Qarorga ko‘ra ular faoliyati «qoniqarsiz», «qoniqarli», «yaxshi» va «a’lo» deb baholanadi. Ular hududning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari uchun shaxsiy javobgar etib belgilangan.