27-oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Tehron shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar berdi TIV.

Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida bugun Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik yuzaga kelganini ta’kidladi. To‘liq vakolatli hamda xalqaro e’tirofga ega bo‘lishga intilayotgan Muvaqqat hukumat tuzildi.

«Qayd etilganidek, Afg‘oniston yaqin kelajakda mintaqa davlatlari, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlarning milliy manfaatlariga bevosita daxldor mintaqaviy xavfsizlikning muhim omili bo‘lib qoladi. Ayniqsa, hozirgi zamonaviy bosqichda ushbu davlatni xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Afg‘onistonga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi», deyiladi bayonotda.

Forum ishtirokchilari Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, birodar afg‘on xalqiga tezkor insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish masalasida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyat kasb etishini bildirdilar.

Avvalroq, Abdulaziz Kamilov Tehron sammiti doirasida Eron prezidenti Ibrohim Raisi bilan Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.Kamilov Eronning Afg‘onistondagi vaziyatni o‘rganish bo‘yicha tashabbusini olqishlashini ma’lum qilgan. Raisi sammit doirasida afg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yechim va qarashlar topilishiga umid qilishi haqida ta’kidlagan.