26 oktabr kuni Yaponiya hukumati «gumanitar ehtiyojlar o‘sib borayotgan» Afg‘oniston va qo‘shni mamlakatlarga 65 mln dollar miqdorida favqulotda grant yordami ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Yaponiya afg‘onlarni uy-joy, sog‘liqni saqlash, suv va sanitariya xizmatlari, oziq-ovqat, ta’lim va qishloq xo‘jaligi bilan ta’minlash bo‘yicha gumanitar yordam ko‘rsatadi.

Yordam Afg‘oniston va unga qo‘shni mamlakatlar — O‘zbekiston, Pokiston, Eron va Tojikistonga yettita xalqaro tashkilotlar orqali ko‘rsatiladi: BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP), BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi (QXXQ), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (UN HCR), Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) va BMTning gumanitar faoliyatni koordinatsiya qilish boshqarmasi (GFKQB).

Gumanitar yordamning asosiy qismi Afg‘oniston uchun — 58 mln dollar ajratilsa, qolgan qismlari Pokistonga (3,5 mln dollar), Eronga (2,6 mln dollar), Tojikiston (700 ming dollar) va O‘zbekistonga (200 ming dollar) ajratiladi.