YouTube Braziliya prezidentini bir haftaga yangi video joylashtirish imkoniyatidan mahrum qildi

YouTube videoxosting xizmati Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning rasmiy kanalini qisman to‘sib qo‘ydi va uni bir hafta davomida tarmoqqa yangi videolar joylashtirish imkoniyatidan mahrum qildi. Kompaniya bayonotida ta’kidlanganidek, bu davlat rahbari tomonidan qoidalarning bir necha bor takroran buzilgani uchun ushbu jazo qo‘llangan.

«Biz Jair Bolsonaru kanalidan vaksinalar COVID-19 xavfini kamaytirmasligi va boshqa yuqumli kasalliklarga olib kelishiga da’vo qiluvchi tibbiy xarakterdagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish bo‘yicha qoidalarimizni buzgani uchun videoni olib tashladik», — deya iqtibos keltiradi CNN Brasil.

«Biz kontent yaratuvchisi kim bo‘lishidan va uning siyosiy qarashlaridan qat’i nazar, o‘z siyosatimizni izchil qo‘llaymiz», — deya qayd etdi YouTube ma’muriyati.

Ijtimoiy tarmoqlardagi haftalik jonli efirlaridan birida Bolsonaru saytlardan biridan iqtibos keltirdi, unga ko‘ra, Buyuk Britaniyada koronavirusga qarshi emlangan odamlarga keyinchalik OITS tashxisi qo‘yilgan, bu esa Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan rad etilgan. Bolsonaruning posti allaqachon Facebook’ga tegishli platformalardan olib tashlangan.

Bu Braziliya rahbarining iyul oyidan beri YouTube qoidalarini ikkinchi marta buzishi hisoblanadi. Birinchi ogohlantirish unga iyul oyida niqob kiyish koronavirus infeksiyasidan himoyalanishga yordam bermasligi haqidagi bayonoti uchun berilgan edi. Bu safar prezident hafta davomida o‘z kanalida yangi videolarni chop etish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, eski yozuvlar esa hamon mavjud. Kelgusi 90 kun ichida yana qoidabuzarlik aniqlansa, siyosatchining kanali sayt qoidalariga muvofiq o‘chirib tashlanishi mumkin — TASS.


Qozog‘iston afg‘on ayollarining parvozi uchun gumanitar tranzit yo‘lagi ajratadi

Qozog‘iston hukumati afg‘on ayollariga uchinchi davlatlarga parvoz qilish uchun Olmaota aeroporti orqali gumanitar tranzit yo‘lagi ajratdi. Bu haqda TASS nashri Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

«Qozog‘iston Respublikasining gumanitar sohadagi xalqaro majburiyatlariga sodiqligidan kelib chiqib, davlat rahbari afg‘on ayollari — sudyalar va parlament a’zolari hamda ularning oila a’zolari uchun tranzit yo‘lagi ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi», — deyiladi xabarda.

17 oktabr kuni Qozog‘iston prezidentining maxsus vakili Yerjan Kazixon Kobulda «Tolibon» muvaqqat hukumati vakillari Abdul G‘ani Baradar va Amir Xon Muttaki bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muzokorada Qozog‘istonning afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishi, savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash masalalari muhokama qilindi.


Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti vafot etdi

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Ro De U 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yonhap agentligi ma’lum qildi.

Ro De E 1988 yil fevralidan 1993 yil fevraligacha davlat rahbari lavozimida ishlagan. U bu lavozimga Demokratik liberal partiyasidan nomzod bo‘lgan. Ro De U mamlakatning besh yilga qayta saylanish huquqisiz saylangan birinchi prezidenti bo‘ldi. Uning hokimiyatdagi faoliyati 1988 yilda Seulda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlari, shuningdek, 1990 yilda SSSR va 1992 yilda Xitoy bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi bilan ajralib turdi — TASS.

1993 yilda, prezidentlik muddati tugagandan so‘ng, Ro De U korrupsiyada ayblanib, hibsga olindi va keyinchalik 1980 yilgi Kvanju qo‘zg‘olonini bostirishda qatnashgani uchun vatanga xiyonatda ayblandi. 1996 yil avgust oyida u 22 yilga ozodlikdan mahrum etildi, ammo keyin sud jazoni 17 yilga qisqartirdi. 1997 yilda u prezident Kim De Chjun tomonidan afv etilgan.


Gretsiyada politsiya anarxist namoyishchilarga qarshi gazdan foydalandi

Afina markazida majburiy DNK namunalariga qarshi anarxistlar namoyish o‘tkazdi, deb xabar berdi Ria Novosti. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishda 150 ga yaqin odam qatnashgan. Tartibsizliklar 2008 yil 6 dekabrda politsiyachi tomonidan otib o‘ldirilgan 15 yoshli o‘smir Aleksis Grigoropulos xotirasiga bag‘ishlangan ommaviy yurishlar yakunida bo‘lib o‘tdi. Namoyishdan keyin bir guruh noma’lum shaxslar o‘t o‘chirgichlari bilan politsiyaga hujum qilgan, politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob bergan.

Politsiya besh kishini hibsga oldi, uch politsiyachi yaralangan. Gretsiya rasmiylari jinoyat va huquqbuzarliklarda gumon qilingan shaxslardan genetik testni majburan olish niyatida. Anarxistlarning ta’kidlashicha, davlat mexanizmi vakillarining DNKni majburiy ravishda olishi «o‘ta xavflidir, chunki u juda ko‘p odamlarni qamrab olgan kengaytirilgan genetik ma’lumotlar bazasini yaratadi. Bu esa terrorizmni kuchaytiradi va voqealarni qalbakilashtirish ehtimoli ortadi».

Umuman olganda, juma kuni Afina va Gretsiyaning boshqa shaharlarida 11 yil avval vafot etgan 15 yoshli o‘smirni xotirlash kunidagi namoyishlar va yurishlar munosabati bilan 4 mingga yaqin politsiyachi xavfsizlikni ta’minlamoqda. Gretsiya Fuqarolarni himoya qilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chalarda tartibni saqlashga uning barcha bo‘linmalaridan politsiya xodimlari, jumladan, maxsus kuchlar va aksilterror xizmati vakillari jalb etilgan. Davlat va hukumat binolari, elchixonalar, xorijiy kompaniyalarning vakolatxonalari kuchaytirilgan himoyaga olindi.


Venesuelaning sobiq bosh prokurori Ispaniyadan siyosiy boshpana so‘radi

Venesuelaning sobiq bosh prokurori Luisa Ortega Diaz Ispaniyadan unga siyosiy boshpana berishni so‘ramoqda. Bosh prokuror 2017 yil avgust oyida Venesuela Milliy ta’sis assambleyasining birinchi sessiyasida lavozimidan chetlashtirildi, u bu qarordan bosh tortdi. Uning uyi talon-taroj qilindi va Oliy sud sudyasi erini tovlamachilikda gumon qilib, hibsga olishga qaror qildi. Tez orada Ortega va uning eri Venesuelani tark etadi.

Ortega 2018 yilning noyabrida Kolumbiyada siyosiy qochqin maqomini olgan edi. Keyinroq u Xalqaro jinoiy sudga Venesuelada inson huquqlarining «tizimli ravishda buzilishi» dalillari bilan murojaat qildi. Shundan so‘ng, xabarga ko‘ra, unga yangi tahdidlar kela boshlagan, bu esa uni Ispaniyaga ko‘chib o‘tishga va boshpana izlashga majbur qilgan. Ortega Diaz 2017 yilning avgustida rasmiy Karakas tomonidan Interpol qidiruviga kiritilgan edi — Ria Novosti.