O‘zbekiston noyabr oyi o‘rtalariga qadar Rossiya bilan koronavirusga qarshi emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi hujjatni tayyorlaydi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qildi.

«Keyinchalik, sertifikatlarni o‘zaro tan olish masalasini ko‘rib chiqish uchun [hujjatni] Rossiya tomoniga yuborish taklif qilinmoqda», — dedi Bahodir Yusupaliyev ikki davlat o‘rtasida emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olish muddatlari haqidagi savolga javob berar ekan.

SES rahbarining aniqlik kiritishicha, hujjat standart bo‘lib, u ham Rossiya Federatsiyasi va MDHning boshqa davlatlari, ham uzoq xorij mamlakatlarining emlash sertifikatlarini tan olish uchun tayyorlangan.

«Undan keyini esa ushbu davlatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasi sertifikatlarni tan olish taklifiga qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liq», — deya qo‘shimcha qildi Bahodir Yusupaliyev.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Rossiyaga kirish uchun foydalanilayotgan «COVID-19siz sayohat» ilovasida foydalanuvchi emlangan mamlakatni tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Ro‘yxatda O‘zbekiston, Armaniston, Qirg‘iziston va Rossiya mavjud.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘nggi olti oy ichidagi nutqlarida, xususan, Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha forum, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi, SHHT va MDH davlatlari rahbarlari sammitlarida emlash sertifikatlarini barcha xalqaro maydonlarda o‘zaro tan olish bo‘yicha taklifni ilgari surgan edi.