«Tolibon» tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumat Afg‘onistonning O‘zbekistondan elektr energiyasi importi bo‘yicha barcha qarzlarini to‘liq to‘lab berish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rossiyalik jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar qilmoqda TASS.

«Biz muvaqqat hukumatning energetika sohasiga mas’ul shaxslari va Afg‘oniston energetika kompaniyasi (DABS) vakillari ishtirokida munozara o‘tkazdik. Mamlakatda bank tizimi faoliyati hamda muvaqqat hukumatning tan olinishi bilan bog‘liq muammolarni hisobga olgan holda, imkon tug‘ilishi bilan, DABS vakillari mavjud bo‘lgan barcha qarzlarni darhol to‘lashlari to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Lekin, shunga qaramay, biz [Afg‘onistonni] elektr energiyasi bilan ta’minlashda davom etamiz», — dedi u.

Xabarda aytilishicha, bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Kobulga elektr energiyasi yetkazib berishni «bir soatga ham» to‘xtatmaganini, Afg‘oniston «O‘zbekistondan elektr energiyasini o‘z ehtiyojiga ko‘ra to‘liq hajmda» olib kelayotganini qayd etgan. U bunday qarorga kelinganligini «birodar afg‘on xalqiga qiyin paytda yordam berish» istagi bilan izohlagan.

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasidagi chiqishida «hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas"ligini ta’kidlagan edi.

4 oktabr kuni DABS rasmiylari Afg‘oniston qo‘shni davlatlardan elektr energiyasi uchun 62 mln dollar miqdorida qarzdorligini ma’lum qilgan edi.

6 oktabrda esa DABS elektr energiyasi haqini (ayrim hollarda, yillar davomida) to‘lamagan bir qator sobiq hukumat amaldorlari va mahalliy taniqli shaxslarning mol-mulkini sotuvga qo‘yilishini ma’lum qilgan.