Payshanba kuni prezidentlikka «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod Alisher Qodirov toshkentlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv so‘nggida nomzod jurnalistlarning, jumladan «Gazeta.uz» muxbiri Og‘abek Samisovning saylovdan qanday natija kutayotgani va qancha ovoz yig‘ishni maqsad qilgani haqidagi savoliga javob berdi.

«Men hozir taxmin qilmoqchi emasman. Saylovning natijalari e’lon qilingandan keyin ma’lum bo‘ladi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov jarayonidagi raqobat muhitida yaqqol fikrlar ajralib turganini qayd etdi.

«Lekin, men bir narsani e’tirof etib ketishim kerak, tajriba yoki siyosiy nuqtai nazardan bo‘ladimi barcha masalalar bo‘yicha O‘zbekistonda bugun kelayotgan raqobat muhitida yaqqol fikrlar ajralib turibdi. Va bizni fikrlarimiz odamlarga yoqmayotgan bo‘lishi mumkin», — dedi nomzod.

U so‘zi davomida migrantlardan soliq undirish borasidagi taklifini ham yodga oldi.

«Mana bitta aytgan taklifimizga shuncha negativ munosabat. Men shunaqa gapimni tushuntira olmayotgan paytimda ham shu millat, vatan haqida o‘ylayapman, lekin odamlar meni tushunmayotgan paytda g‘alabadan umidvor bo‘lishim mumkinmi? Afsus bilan aytish kerak, agar odamlar meni tushunmayotgan bo‘lsa menga ovoz bermaydi», — dedi Alisher Qodirov.

U shunga qaramasdan g‘oyalarni ilgari surishdan to‘xtamasligini qo‘shimcha qildi.

«Lekin men gapdan to‘xtamoqchi emasman, men davom ettiraveraman. Ehtimol g‘alabadan umidvor emasdurman, lekin natijada odamlar albatta o‘zgaradi. Meni ishonchim komil, O‘zbekistonning jamiyati baribir o‘zgaradi», — dedi «Milliy tiklanish» nomzodi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida «Milliy tiklanish» nomzod sifatida Alisher Qodirovni ko‘rsatganida u prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishni niyat qilayotganini birdirgan edi. Qodirov o‘shanda mazkur saylov avvalgilaridan farq qilishini aytgandi.

Avvalroq, andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda «Milliy tiklanish» partiyasi nomzodi saylovchilar bilan muloqotda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirgandi. «Kelinglar endi yana ham vatanparvarroq bo‘laylik, migrantlar ham o‘zining solig‘ini mamlakat taraqqiyoti uchun to‘lasin», — dedi u.