Senatning 20-yalpi majlisida bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevning yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan axboroti tinglandi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalo, bu borada prezidentning 2021 yilning 9 avgustdagi farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan ishlar alohida qayd etildi. Ayniqsa, «Mehribonlik uylari», bolalar shaharchalariga prezident tomonidan Milliy gvardiyaning mas’ul sifatida biriktirilishi sohada yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar sekin-asta o‘z yechimini topishiga olib kelayotgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda hududiy komissiyalar to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan. Bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning «onlayn-navbat» tizimi — mu.maktab.uz ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan. 675 nafar bola uy-joy bilan ta’minlangan.

Farzandlikka olish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida «Vasiylik» elektron axborot tizimi yaratilgan. Oilaga tarbiyaga olingan 141 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va 118 nafari davolash muassassalariga joylashtirilgan.

Senatorlar bajarilgan ishlar bilan birga ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan topshiriqlarga ham alohida e’tibor qaratdilar.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman-shahar hokimliklaridagi Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari va sho‘’balari hamon to‘liq ish boshlamagani, ularning faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar tasdiqlanmagani senatorlar e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Normativ-huquqiy hujjatlarning o‘z vaqtida qabul qilinmasligi joylardagi islohotlar sur’ati va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Moliya vazirligi ijrosini ta’minlashi zarur bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida subsidiyalar ajratish vazifasi hamon bajarilmagan.

Oliy ta’lim vazirligi javobgar bo‘lgan bir qancha topshiriqlarning ijrosi ham belgilangan muddatlarda ta’minlanmagan. Xususan, vasiylik va homiylik sohasida kadrlar tayyorlash uchun mutaxassisliklar ro‘yxatini kengaytirishni nazarda tutgan holda oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorini qayta ko‘rib chiqish vazifasi bajarilmagan.

O‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini o‘qitish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlarni xarid qilish xarajatlarini qoplab berish tartibini tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarorlari qabul qilinmagan.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, hozirda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish istagida bo‘lgan yurtdoshlarz soni kundan kunga ortib boryapti. Lekin mazkur jarayonlarni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar bugungi kun talablariga javob bermaydi. Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 31 iyuldagi «Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 158-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomni yangilash zarur.

Davlat rahbarining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-jtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan ayrim vazifalar ijrosi ham sust olib borilyapti. Xususan, tug‘ma yurak nuqsoni hamda bosh miyadagi patologik o‘zgarishlari bo‘lgan 2000 nafar bolada jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish ishlari talab darajasida olib borilmayapti.

Muhokamalar yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilinib, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda nogironligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda parlament va hukumat yaqin hamkorlikda ish olib borishiga kelishib olindi.