Payshanba kuni prezidentlikka «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod Alisher Qodirov toshkentlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv so‘nggida nomzod «Gazeta.uz» muxbiriga o‘zining migrantlar masalasida bildirgan fikri ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgani yuzasidan izoh berdi.

«Bu mavzu Andijonda ko‘tarildi. Andijondan qaytib kelganimizdan keyin men xastalanib yotib qoldim. Shu vaqtda mening oilam, saylov kampaniyasidagi do‘stlarim meni internetdan uzishdi. Lekin o‘zim shu mavzu yuzasidan turli fikrlar bo‘layotganini taxmin qildim», — deydi u.

Alisher Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, u «bugun ijtimoiy tarmoqlarda o‘z postlarini qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rmoqda».

«Lekin bir narsani aytishim kerak. Men saylov boshlanishidan oldin ham aytganman — haqiqat og‘ir va achchiq bo‘ladi. Biz yoqish uchun shirin gaplarni gapirmoqchi emasmiz. O‘zbekiston bugun bir qator muammolarni hal qilishi shart. Va shu muammolardan bittasi aynan migratsiya bilan bog‘liq. Men ikkita masalani alohida aytganman migratsiyadan oldin. Biz yaqin 10 yillar ichida mehnat resurslarimizni xorijga eksport qilishga majburmiz. Chunki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish darajasi barcha mehnat resurslarimizni O‘zbekistonning ichida ish bilan ta’minlash imkoniyatini bermaydi», — deydi Alisher Qodirov.

Nomzod O‘zbekiston «yaqin mintaqa davlatlar va do‘st bo‘lgan davlatlarning mehnat bozoridagi bo‘shliqlardan samarali foydalanishimiz kerak"ligini qo‘shimcha qildi.

«Andijonda aytgan fikrlarimning aynan shu qismlari tushib qolgan. Faqat kerakli qismlari olingan, lekin shu gaplar o‘sha yerda ham aytilgan. Men aytyapman, biz hamon mehnat resurslarimizni xorijga eksport qilishga majbur ekanmiz, iqtisodiy holatimiz shuni taqozo qilar ekan, biz mehnat migrantlarimizni muntazam tayyorlab borishimiz kerak. Nimaga? Birinchidan, haq-huquqlarini to‘g‘ri tushunadigan, huquq va majburiyatlarini anglaydigan va ularga rioya qiladigan fuqarolarni tayyorlashimiz kerak. Dunyoning qaysi chekkasida ishlashidan qat’iy nazar o‘z haq-huquqlarini anglasin. O‘zining qadriga yetsin. Mana bu bizning asosiy vazifalarimizdan bittasi bo‘lishi kerak», — deydi prezidentlikka «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod.

«Ikkinchi masala, men yuqorida aytib o‘tgan masala. Dunyoning qaysi chekkasida ishlasa ham u O‘zbekistonning fuqarosi. U dunyoning qaysi chekkasida ishlashidan qat’iy nazar „vatanim“, deb qaytib keladigan joyi, mana shu joy bo‘ladi», — deydi u.

Alisher Qodirov O‘zbekiston pandemiya davrida 100 trln so‘mga yaqin mablag‘ sarf qilganini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston fuqarolarini himoya qilish uchun, ularning sog‘ligini tiklash uchun sarflandi. Men bilmayman boshqa bir davlatda mehribonchilik qilib, yotqizib davolanganini. Buni ham noto‘g‘ri tushunmanglar. Masalan, Rossiyada bizning fuqarolar yotqizib davolandi. Biz pul berdik. Biz sharoit yaratdik, fuqarolarimiz izolyatsiyasiga pul to‘ladik. Ularning sharoiti uchun O‘zbekiston pul to‘ladi. Mana shu harakatlarning hammasiga 100 trln so‘mga yaqin pul ketdi. Bu O‘zbekistonning mablag‘i. Bu mablag‘ osmondan tushgani yo‘q. Bu mablag‘ O‘zbekiston fuqarolarining to‘lagan soliqlaridan iborat mablag‘lar», — deydi u.

Alisher Qodirov «O‘zbekistonning fuqarosi nafaqat o‘zining qorni, balki O‘zbekiston, deb yashashi kerakligini» aytdi.

«O‘zbekistonda ishlayotganlar ko‘p oylik olishayotgani yo‘q. O‘ylab qaralsa xorijga kim ishga ketadi? O‘zbekistonda topayotgan daromadidan ko‘ngli to‘lmagan odam ishga ketadi. O‘zbekistonda bitta o‘qituvchi 3−5 mln so‘m oylik olyapti. Yetyapti, deb o‘ylaysizmi? Albatta, yetmayapti. Shuning uchun xorijga „bundan ko‘proq topaman“, deb ketyapti. Bilaman, u o‘sha davlatga borib, soliq to‘lanyapti. O‘sha davlatlarning taraqqiyoti uchun hissa qo‘shilyapti», — deydi nomzod.

«Bugun xorijda ishlab yurgan bizning fuqaromiz o‘sha davlatdan olayotgan foydasining o‘ziga nisbatan 10 karrasini o‘sha davlatga ko‘proq foyda beryapti. Arzon bo‘lmaganda u davlatlar hech qachon ishlatmagan bo‘lardi. O‘zida ishlamagani uchun ishlatyapti. Meni haqorat qilish mumkin. Lekin O‘zbekistonni rivojlantiraylik. Agar meni haqorat qilish, so‘kish hisobiga O‘zbekiston rivojlanadigan bo‘lsa men tayyorman», — deya qo‘shimcha qiladi Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, «Milliy tiklanish» partiyasi nomzodi saylovchilar bilan muloqotda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirgandi. «Kelinglar endi yana ham vatanparvarroq bo‘laylik, migrantlar ham o‘zining solig‘ini mamlakat taraqqiyoti uchun to‘lasin», — dedi u.

Avvalroq, «Milliy tiklanish» partiyasi nomzodi toshkentlik saylovchilar uchrashuvda g‘alabadan umidvor emasligini, biroq, odamlar albatta o‘zgarishini ta’kidlagani haqida xabar berilgan edi. «Odamlar meni tushunmayotgan paytda g‘alabadan umidvor bo‘lishim mumkinmi? Afsus bilan aytish kerak, agar odamlar meni tushunmayotgan bo‘lsa menga ovoz bermaydi», — dedi Alisher Qodirov.

Bugun O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda koronavirus pandemiyasi davrida aholining salomatligini saqlash uchun 80 trln mablag‘ sarflanganini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga 4 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangani haqida xabar berilgan edi.