Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jahongir Otajonovning Urganch shahar aeroportidan Istanbulga ucha olmagani aytilgan videomurojaat tarqaldi.

Ta’kidlanishicha, Jahongir Otajonov o‘g‘lining operatsiyasi sabab Istanbulga uchishi kerak bo‘lgan. Ammo aeroportda uning mamlakatdan chiqishi uchun taqiq qo‘yilgani aytilgan. Bunga uning MIBdan qarzdorligi borligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

MIB axborot xizmati mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Aniqlanishicha, byuro organlari tomonidan fuqaro Jahongir Otajonovga nisbatan sudlarning tegishli qarorlariga asosan fuqarolar S.F., M.S. va Ye.I. lar foydasiga 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undirishga oid 3 ta ijro ishlari yuritilgan.

Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining ijro hujjatlariga asosan qarzdor Jahongir Otajonovdan undiruvchilar M.S. va Ye.I. foydasiga aliment undirish belgilangan. Byuroning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan va uning O‘zbekistondan chiqish huquqi vaqtinchalik cheklangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur taqiqlar «Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi qonunning 42−1-moddasiga (Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash) muvofiq qo‘yilgan.

«Fuqaro S.F. foydasiga aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati esa, uning arizasiga asosan ijrosiz qaytarilgan va ijro ishi tamomlangan», — deyiladi xabarda.

Yanvar oyida qo‘shiqchilikni tark etganligini e’lon qilgan sobiq xonanda Jahongir Otajonov prezidentlik saylovlarida qatnashish istagi borligini ma’lum qilgan. Biroz vaqtdan so‘ng u saylovda qatnashish istagidan qaytganini ma’lum qilgan edi.

Jahongir Otajonov 11 iyul kuni onasi norozi bo‘lgani sababli siyosatdan ketishini e’lon qilgan edi. U joriy yil oxirida konsert berishni rejalashtirayotganini aytib o‘tgan.

Iyun oyi oxirida Jahongir Otajonov o‘z videomurojaatida davlat xizmatchilari, jumladan, IIBB va IIV xodimlari sha’niga haqoratomuz so‘zlarni ishlatgan edi.

Iyul oyida Toshkent IIBB xonandaning videomurojaatda aytgan gaplarida haqorat alomatlari bor deb topgan edi. Avgust oyida sud majlisida qo‘shiqchi Jahongir Otajonov IIB xodimlarini haqorat qilganini tan olgan va qilgan ishidan pushanmon ekanligini bildirgan edi. Shuni hisobga olgan holda sud uni javobgarlikdan ozod qilib, ogohlantirish bilan cheklangandi.