Renault kompaniyasi hamkori Roodell bilan O‘zbekistondagi ishlab chiqarish va tijoriy faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Renault Rossiya va MDH bosh direktori Yan Ptachekning ma’lum qilishicha, bozordagi mavjudlik Renault avtomobillarini mahalliy yig‘ish va dilerlik tarmog‘ini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Renault O‘zbekiston bozoriga SUV segmentidagi modellarni taqdim etadi. Ilk avtomobillar mijozlarga noyabrdayoq taqdim etiladi: dastlab sotuvga Renault Arkana kupe-krossoveri va Renault Kaptur shahar krossoveri, keyinroq esa — yangi avlod Renault Duster yo‘ltanlamasi chiqariladi.

O‘zbekiston hududida Renault dilerlik tarmog‘ini rivojlantirish bozor talablariga ko‘ra bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda Toshkentdagi ikkita dilerlik markazida Renault sotish va xizmat ko‘rsatish amalga oshiriladi.

«Gazeta.uz» Jizzaxdagi ADM-Jizzakh zavodida LADA va Renault avtomobillarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi. Investitsiya dasturiga ko‘ra, loyihaviy quvvati yiliga 100 ming dona avtomobilni tashkil etadi. Loyiha 60,9 mln dollarga baholangan bo‘lib, uning 33,3 mln dollarini 2021 yilda o‘zlashtirish belgilangan.

Spot nashrining yozishicha, Renault Group Lada rusumli avtomobillarni yetkazib berish bilan O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan. Bozorda Lada va Kia avtomobillarini sotishni yo‘lga qo‘ygan Roodell uning mahalliy hamkori hisoblanadi.

Rossiyada Arkana narxi 1,28 mln rubldan ($17,6 ming), Kaptur — 1,2 mln rubldan ($16,5 ming), Duster — 1,01 mln rubldan ($13,9 ming) boshlanadi.