O‘zbekiston hududida AQShning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qurolli kuchlarini joylashtirish imkoniyati muhokama qilinmayapti va bu masala kun tartibida ham turgani yo‘q. Bu haqda jurnalistlarga O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov MDH davlatlari tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishi doirasida ma’lum qildi.

Oldinroq, Amerikaning Politico nashri AQSh kongressidagi manbalariga tayanib, Pentagon rasmiylari shu oy O‘zbekistonga tashrif buyurib, terrorizmga qarshi kurashish kuchlarini joylashtirishni muhokama qilmoqchi ekanligi haqida xabar bergan edi.

«Kun tartibidagi eng muhim masala „gorizont orti“ terrorizmga qarshi kurashish kuchlarini joylashtirish imkoniyatini muhokama qilish bo‘ladi. Bu AQSh armiyasining kuzatuvini va Afg‘onistondagi mo‘ljallarga zarba berishini yengillashtiradi», — deb yozgan edi nashr.

O‘zbekiston mudofaa vazirligining «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qilishicha, vazirlik Pentagondan mamlakatga tashrif bo‘yicha hech qanday rasmiy murojaat olmagan.

May oyida The Wall Street Journal AQSh Afg‘onistondan olib chiqilayotgan qo‘shinlarini Markaziy Osiyoda yoki Yaqin Sharqda joylashtirish variantlarini ko‘rib chiqayotganligini ma’lum qilgan edi. Maqbul variantlar sifatida O‘zbekiston va Tojikiston nomlari keltirilgan edi.

O‘zbekistonning 2018 yil yanvar oyida qabul qilingan Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, mamlakat hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va obyektlarini joylashtirishga ruxsat berilmaydi.