Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan profilaktika inspektorlari vakolatlari kengaytirildi. Prezident 4 oktabr kuni imzolagan hujjat «Narodnoye slovo» nashrida e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari quyidagi ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish huquqiga ega (kodeksda biriktirilganlarga qo‘shimcha ravishda):

  • 47-moddaning birinchi qismi (bolalarnitarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik);
  • 47−3-modda (Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish);
  • 114 -modda (Temir yo‘l transportidan foydalanish qoidalarini buzish);
  • 128−6-modda (Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi);
  • 147 -moddaning birinchi qismi (Yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yo‘l harakatiga qasddan, shu jumladan yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalal berish, xuddi shuningdek avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish);
  • 148-modda (ajratilgan mintaqalarda va yog‘och ko‘priklardan 100 metrgacha bo‘lgan masofada olov yoqish, yog‘och ko‘priklar va taxta to‘shamali ko‘priklarda chekish);
  • 188-modda (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish);
  • 188−2-modda (Voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish).

Bundan tashqari, bojxona qonunchiligidagi ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni Davlat bojxona qo‘mitasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan ularni ko‘rib chiqishning soddalashtirilgan tartiblari joriy etilmoqda.