Qirg‘iziston milliy energetika xoldingi nomaishiy iste’molchilarga kuz-qish mavsumida ko‘cha chiroqlari va reklama yoritgichlarini yoqishni taqiqladi, deb xabar berdi 24.kg kompaniya matbuot xizmatiga tayanib. Taqiq kafe, restoran, hammom, sauna, do‘konlar va istirohat bog‘lariga tegishli.

Nashrning yozishicha, bu qaror Toktogul suv omboridagi suv resurslaridan oqilona foydalanish va energiyani tejash maqsadida qabul qilingan.

«Bitta lampochka hech narsani anglatmasligi mumkin. Ammo butun mamlakat bo‘ylab ular soni millionlabni tashkil etadi. Yakunda yaxshigina mablag‘ kelib chiqadi. Bizda esa hovlimizda bittadan chiroq yonayotgani yo‘q. Qarang, kechki vaqtlarda kafe atrofida 100 talab lampochka yonadi. Ular yorug‘lik diodli chiroqlar bo‘lgan taqdirda ham. Ular baribir 7−8 vatt oladi. Qancha bo‘ladi? Toma-toma ko‘l bo‘lur», — deya Milliy energoxolding raisi Talaybek Baygaziyevdan iqtibos keltiradi nashr.

Barcha taqsimlovchi kompaniyalarga mamlakatning butun tumanlarida kechqurun va ertalabki vaqtlarda reydlar o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida xabar yuborilgan. Ular yoritish uskunalarining o‘chirilganini nazorat qilishlari kerak, deya aniqlik kiritdi 24.kg.

Qirg‘iziston mintaqada suv yetishmasligi ortidan energetik inqirozga to‘qnash kelmoqda. «Elektr tarmoqlari» ma’lumotlariga ko‘ra, 1 oktabr holatida Toktogul suv omboridagi suv hajmi 12,3 milliard kub metrni tashkil etmoqda, bu 2020 yilning mos davriga nisbatan 2,9 milliard kubometrga kam demakdir. Toktogul GESi mamlakatda elektr energiyasining asosiy manbai bo‘lib, umumiy elektr hajmining 33 foizdan ko‘prog‘ini ishlab chiqaradi.

2021 yilning bahorida Qirg‘iziston inqirozni yengib o‘tish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan 2022 yilning bahoriga qadar 1650 mln kVt⋅s gacha miqdorda elektr energiyasini yetkazib berishga kelishgan edi. Mamlakat 2023 yil yoz oylariga qadar shuncha miqdordagi elektr energiyasini qaytirishi kerak.