Qashqadaryo viloyat IIB Nasaf News nashri tomonidan e’lon qilingan videoyozuvda ayol kishining eri ikki yoshli o‘g‘lini kaltaklab, koma holatiga tushishiga sabab bo‘lganini da’vo qilayotgani holati yuzasidan izoh berdi.

Videoda ayol o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan eridan ikki o‘g‘li borligini aytadi. Kattasi ikki, kichigi — bir yoshda.

«Kechki payt 4−5 atrofida [erim] ishdan keldi. Ishga kelganida ikki bolamning biri beshikda edi, birovi yerda edi. Ikkalasining ham qo‘lida pechenesi bor edi. Ha, dadasi keldi, dadasi qarab tursin, deb birovini ko‘rpachaning ustiga qo‘ydim, birovi beshikda edi. O‘sha mahal mol kelgan ekan, tashqariga molni qo‘raga qamagani ketdim, 20 minut tashqariga chiqdim. Shu 20 minut orasida dadasi urib, ko‘zini ko‘r qilib, ko‘ziga noto‘g‘ri mazni surtgan, ikki ko‘zini ko‘rmaydigan darajaga olib kelgan, bo‘g‘gan, kalla qismiga rosa urgan. Tikish mashinam oldida turgan, tikish mashinamga urgan. Bola otilib ketgan. Shunchalik darajada bo‘lmaydi. Keyin qaraqasam, ko‘rpaga hushidan ketkazib, to‘g‘ri qilib yotqizib qo‘yibdi», — deydi ayol.

Keyingi kuni eri ishga ketganida, u o‘z ukasiga qo‘ng‘iroq qilib, ularni olib ketishni so‘raydi.

Ayolning aytishicha, eri avvalgi oilalaridan bo‘lgan farzandlarini ham qiynab kelgan — birinchi ayolidan bo‘lgan o‘g‘lining qo‘llarini kuydirib tashlagan, ikkinchi xotinidan bo‘lgan bolaga esa pichoq bilan tahdid qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan voqealar haqida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bersa, ayoli va bolasini pichoqlab o‘ldirishni aytib tahdid qilgan

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, 25 sentabr kuni viloyat IIB 102-operatoriga Dehqonobod tumani Terakli MFYda yashovchi uy bekasi J.S. qo‘ng‘iroq qilib, voyaga yetmagan o‘g‘li E. X.ni bolani otasi D.Sh. urib tan jarohati yetkazgani va o‘g‘li RSHTYOIM Qashqadaryo filialining jonlantirish bo‘limida davolanayotganligini ma’lum qilgan.

RSHTYOIM Qashqadaryo filiali ma’lumotnomasida voyaga yetmagan E.X.ning tanasida qo‘shma shikastlanish, bosh miyani lat yeyishi, yuz sohasini o‘ng tomoni shilinmasi, bo‘yin oldingi yuzasida usti pustloqlashgan terini tirnalgan jarohati, shu sohalarda yumshoq to‘qimaning lat yeyishi ko‘rinishidaagi jarohatlari borligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.