«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov 27 sentabr kuni Surxondaryo viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida mahallalarga juda ko‘p vazifalar yuklatib yuborilayotganini ta’kidladi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Keyingi paytlarda mahallaga juda ko‘p vazifalarni yuklab yuboryapmiz. Mahalla aslida odamlarni birlashtiradigan, maslahat, muloqot qiladigan maskan bo‘lishi kerak», — dedi u.

Prezidentlikka nomzodning ta’kidlashicha, mahallalar hokimiyatga haqiqiy tavsiyalarini, takliflarini beradigan idoraga aylanishi kerak. «Shu ma’noda, bizning mahallaga alohida e’tibor qaratib, asl holiga qaytarish rejalarimiz bor», — deya qo‘shimcha qildi u.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi sessiyasida «mahalla tashabbuskor, mahalla raisi islohotchi» deya ta’kidlagan edi.

«Mahalla raisi oldingidek to‘y-u tomoshalarda odamlar kutib, kuzatadigan odam emas. 775 ta mahallada raislar o‘zini munosib ko‘ra oladimi?», — degan edi davlat rahbari.

Aprel oyida esa Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tajriba amalga oshirilishi haqida ma’lum qilgan.

«Yangi tizimda, tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari strukturasida, Mahallabay ishlash markazi tashkil etiladi va markazda har uchta mahallaga bittadan inspektor biriktiriladi. Inspektorlar mahalla raisining tadbirkorlik va tomorqa bo‘yicha o‘rinbosari bilan yonma-yon turib, kechayu-kunduz ishlaydi. Ular endi budjetdan oylik olib, mahallada ish joyi tashkil etish bilan doimiy ravishda shug‘ullanadi. Bu „Samarqand tajribasi“ bo‘ladi», — degan edi u.