Ilon Mask yana bir bor dunyoning eng boy odamiga aylandi. Forbes nashrining xabariga ko‘ra, dushanba kuni uning boyligi birinchi marta 200 mlrd dollardan oshdi.

Tesla kotirovkalari o‘sishi tufayli 27 sentabrda Maskning boyligi 3,8 mlrd dollarga oshdi. Forbes Real-Time reytingida Maskning umumiy boyligi 203,4 mlrd dollarga baholanmoqda.

Ilon Mask boyligi 200 mlrd dollardan oshgan uchinchi biznesmen bo‘ldi. Bundan oldin 2020 yil avgust oyida Amazon kompaniyasi asoschisi Jef Bezos ushbu marrani birinchi bo‘lib zabt etgandi. O‘tgan oyda esa Louis Vuitton Moët Hennessy kompaniyalar guruhi prezidenti Bernard Arnoning boyligi ham 200 mlrd dollardan oshdi.

Ayni paytda Jef Bezos 197,7 mlrd dollar bilan dunyoning eng boy milliarderlari reytingida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Bernard Arno esa 175,2 mlrd dollarlik boyligi bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Avvalroq «Gazeta.uz» Tesla, Netflix, Berkshire Hathaway, Visa, Alibaba Group kabi dunyoning eng yirik, nufuzli va daromadli 16 ta kompaniyalarining bozor qiymati keyingi besh yillikda 1 trln dollarga yetishi kutilayotgani haqida xabar bergandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Amazon asoschisi Jef Bezos 2021 yilda dunyoning eng boy insoni bo‘lgandi.