“Gazeta.uz” O‘zbekistonning turli hududlaridan Toshkentga kelib, o‘z hayotini qurayotgan, o‘qiyotgan va ishlayotgan qizlar bilan poytaxtdagi hayot, ish faoliyati va jamiyatda ayollarning o‘rni haqidagi suhbatning 2 qismini e’lon qiladi.

“Eng achinarlisi, ba’zi qizlar nega universitetda tahsil olishayotganlarini chuqur anglab yetmaydilar” — Dilafruz Abdinabiyeva

Dilafruz Abdinabiyeva 1997 yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Umumiy o‘rta ta’limni dastlab Toshkent shahridagi 201-maktabda, so‘ngra O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi 2-sonli akademik litseyda olgan. U O‘zDJTUda bakalavr diplomini olgach, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistratura bosqichida tahsilni davom ettirdi. Bugungi kunda Dilafruz Abdinabiyeva frilanser sifatida marketing, brending va PR sohalarida faoliyat yuritmoqda.

— Maktab yoshlarimda pianino chalishga va liboslar dizayni darslariga qatnardim. Mohir sozanda yoki malakali dizayner bo‘lishni niyat qilardim. Onam esa meni fan o‘qituvchisi bo‘lishimni juda ham xohlaganlar, shu sabab erta yoshimdan maxsus ustozdan ingliz tili darslari ola boshlaganman. Oilamizdagi muhit faqat ta’lim olishga yo‘naltirilgandi, buvim meni professor bo‘lishimni xohlaganlar. Kichik yutug‘imiz ham katta rag‘batlantirilgan. Shu muhit ichida ulg‘aydim.

Lekin vaqt o‘tgani sayin qiziqish, ehtiyoj va talablar o‘zgarib borar ekan. Yuqori sinfda o‘qib yurganimda informatsion texnologiyalarga qiziqishim ortdi. Darslar davomida o‘z saytimizni yaratganmiz. Bu maktab yoshidagi o‘spirin uchun haqiqiy muvaffaqiyat bo‘lsa kerak. Ana shu qiziqish va shijoat meni gumanitar fanlarda bakalavr darajasini qo‘lga kiritishimga qaramay, raqamli kasblarda faoliyat boshlashimga turtki bo‘ldi.

Qizlarning o‘qish davrida turmushga chiqishlariga bir nechta omillar ta’sir qiladi. Turmush qurish ba’zi qizlarning asosiy suhbat mavzusiga aylanib qoladi. Men bunga uydagi muhit sababchi deb o‘ylayman: joyi chiqqanida tezroq berishni istashlari, qizlarining yoshidan xavotir olishlari va qizlariga ilm olishlari uchun manfaatli bo‘ladigan narsalardan ko‘ra ko‘proq sarpo yig‘ib borishlari, bularning barchasi qizlarning ongiga ham ta’sir qiladi. Eng achinarlisi, ba’zi qizlar nega universitetda tahsil olishayotganlarini chuqur anglab yetmaydilar.

Ikkinchi bosqichda o‘qib yurganimda menda ham shunday holat bo‘lgan. Ammo ota-onam o‘qish bilan turmushni bir paytda eplay olishga tayyor emasligimni, hayotda hali o‘z yo‘limni topishim kerakligini tushungan holda, mening qarorimni qo‘llab-quvvatlashgan.

Ish joyimda qiz-yigit aralash ishlaymiz. Yosh jamoa. Barchasining dunyoqarashi keng, ziyoli insonlar. Shu sabab ayol kishiga nisbatan adolatsizlik kabi holatlar kuzatilmaydi. Hamma bir-birini hurmat qilgan holda, tenglikda faoliyat yuritamiz. Bunga balki mening sohamda ayollar ulushining ko‘proq ekanligi ham sababdir.

Har bir qiz tanlov huquqiga ega bo‘lishini: u ilm yo‘nalishini tanlaydimi, biror kasb yoki turmushni asosiy o‘ringa qo‘yadimi, bu uning o‘z hayot yo‘li bo‘lishi va bu tanlovlar ichida uning fikri inobatga olingan holda, qo‘llab-quvvatlashlanishini xohlardim. Buning uchun esa o‘z tengdoshlarimga, opa-singillarimga hayotda yashashdan o‘z maqsadlarini aniqlashtirib olishlarini maslahat berardim. Ertaga oradan 5 yil o‘tgach o‘zlarini qayerda va qanday ahvolda ko‘rishlarini chuqur o‘ylab ko‘rgan holda, hayot yo‘llarini davom ettirishlarini so‘rab qolardim.

“Jamiyatimizda qiz va ayollarning, ularning qobiliyat va mahoratining qadrsizlanishi menga yoqmaydi” — Aziza Ahmedova

Aziza Ahmedova 1993 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Uchquduq shahridagi 3-sonli maktabda tahsil olgan. O‘rta ma’lumotni Navoiy davlat pedagogika instituti qoshidagi 3-sonli akademik litseyda olgan. Bakalavr bosqichini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tamomlagan. Aziza Ahmedova 3 yil davomida Tashqi ishlar vazirligida faoliyat olib borgan. Hozirda Aziza Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Toshkentdagi filialida “Menejment” dasturi bo‘yicha magistratura bosqichida o‘qimoqda.

— Toshkentda tug‘ilgan bo‘lsam-da, Navoiy viloyatining kichik shaharchasi — Uchquduqda katta bo‘lganman. Bolaligimdan xoreografiya bilan shug‘ullanardim, shahardagi tadbirlarda boshlovchi bo‘lganman, hatto tomoshabinlar bilan to‘lgan stadionda ham ishonch bilan chiqishlar qilardim. 3-sonli maktab-gimnaziyada o‘qish paytida maktab faollaridan edim: birorta maktab konserti yoki tantanali marosimi mensiz o‘tmasdi. Men sinfning barcha ochiq darslarini tayyorlash va tashkil qilishda ishtirok etardim, shu bilan birga ziyrak o‘qituvchilardan tahsil olishni ham unutmadim. Aynan mana shu davr menda yetakchilik fazilatlari va muloqot qobiliyatlarini tarbiyaladi.

Bitiruv ostonasida men uchun kelajakdagi kasbni, qo‘shimcha ta’lim yo‘nalishini tanlash muhim edi. Chet tiliga muhabbat va dunyoda bo‘layotgan voqealarga qiziqish meni xalqaro munosabatlar asoslarini o‘rganishga undadi. Navoiy shahridagi akademik litseyda 3 yil o‘qib, o‘sha paytlari imkonsizdek ko‘ringan — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kirishga qaror qildim. 15 avgust — mamlakatning ko‘plab abituriyentlari uchun maxsus sana edi, o‘sha kuni imtihon natijalari chiqdi va men JIDU “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakulteti talabasi bo‘ldim.

Foto: Aziza Ahmedovaning shaxsiy arxividan.

Menimcha, ko‘pchilik qizlar o‘qishga kirgach 1−2 yildan keyin turmushga chiqib ketishida o‘zbek mentalitetining yoki oilaviy an’analarning o‘rni bor. Yoki bu qizlarning o‘zlarining tanlovidir balki. Universitetdagi o‘qishim davrida menda oila qurish maqsadi bo‘lmagan, mening maqsadim zo‘r mutaxassis bo‘lish edi.

Uyda bizga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lishgan, lekin ota-onam shifokor bo‘lishgani uchun ko‘p vaqt ularning uyda bo‘lmaganliklari sababli men juda mustaqil bola edim. Barcha maishiy masalalarni — oziq-ovqat sotib olishdan tortib uydagi chiroqlarni almashtirishgacha o‘zim hal qilaman.

Foto: Aziza Ahmedovaning shaxsiy arxividan.

Mening ish tajribam juda xilma-xil, universitetni tugatganimdan keyin bir nechta ish joyini o‘zgartirdim. Ishonch bilan aytishim mumkinki, hamkasblarim bilan omadim chopdi. Men hamma sobiq va hozirgi hamkasblarim bilan aloqadaman. Yangi jamoaga kirganda, albatta, ko‘pchilik qizlarni mutaxassis sifatida munosib baholashmaydi, ular bildirgan fikr va takliflarga jiddiy qarashmaydi. Jamoaning erkaklari bilan teng bo‘lish uchun siz o‘z ishingizni ikki baravar ehtiyotkorlik va qat’iyat bilan bajarishingiz kerak.

Men turmush qurganimdan so‘ng hayotimni tubdan o‘zgartirishga harakat qilmayman. Va meni nafaqat oilada, balki professional hayotimda ham qo‘llab-quvvatlaydigan, dunyoqarashi meniki bilan hamohang bo‘lgan insonni uchratishimga umid qilaman.

Foto: Aziza Ahmedovaning shaxsiy arxividan.

Jamiyatimizda qiz va ayollarning, ularning qobiliyat va mahoratining qadrsizlanishi menga yoqmaydi. Men viloyat yoki qishloqlardagi o‘zim tengi qizga bugungi kunda ko‘p takrorlanadigan, lekin muhim bo‘lgan tavsiya — o‘qish va ta’lim olish kerak. Bu nafaqat o‘z sohasida muvaffaqiyatli mutaxassis bo‘lishga, balki bilimdon bolalarni tarbiyalashga oqilona yondashishga imkon beradi.

“Вилоятdaн shaharga kelib o‘qiydigan qizga shubha bilan qarashlari yoqmaydi” — Dilruh Isomiddinova

Dilruh Isomiddinova 1999 yili Qarshi shahrida tug‘ilgan. QarMII qoshidagi 2-sonli akademik litseyning xorijiy tillar yo‘nalishida tahsil olgan. Hozirda O‘zJOKUda xalqaro jurnalistika yo‘nalishi 4-bosqich talabasi. Shuningdek, PressPhoto.uz agentligining amaliyotchisi, “Alimoff team” hamda Khan Academy Uzbek ko‘ngillilar jamoasi a’zosi. Dilruh hozirgi kunda Daryo internet nashrida fotojurnalist sifatida faoliyat yuritadi.

— Toshkentga o‘qishga kelganimga 3 yildan oshdi. Ungacha umrimning asosiy qismi Qashqadaryoda o‘tgan. 9-sinfligimgacha ota-onam shifokor bo‘lishimni xohlashgan, chunki sulolamizda tibbiyot sohasi vakili deyarli yo‘q edi. Oilamizning aksariyat a’zolari ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi yoki ta’lim tizimida ishlashiga qaramay, san’atga ishtiyoqi baland, ijodkor, nosir, shoir, jurnalist bo‘lgan. Otam — jurnalist, onam — o‘qituvchi. Bolaligimizdanoq televizorda chiqqan jurnalistlarni ovozidan, chehrasidan tanirdik. Maktabni bitirgach tabiiy fanlar baribir men uchun emasligini tushundim, bu haqida oilamdagilarga aytdim. Juda ham qattiq qarshiliklar bo‘lmadi.

Foto: Dilruh Isomiddinovaning shaxsiy arxividan.

Litseyda o‘qib yurgan vaqtim xalqaro jurnalistika fakulteti haqida eshitgandim. Shundan so‘ng bu sohaga qiziqish yanada ortdi. Chunki sayohat qilishni, dunyoni ko‘rishni juda ham xohlar edim. Avvaliga dadam poytaxtda o‘qishim uchun ruxsat bermadilar. Sababi oilada bitta qizman. Otaning amri — vojib. Birinchi yili Qarshi davlat universitetining ona tili va adabiyoti fakultetiga topshirdim, yuqori ball to‘plaganimga qaramay, kira olmadim. Keyingi yil esa O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ochildi va shu universitetning xalqaro jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim.

Dastlabki yili meni poytaxtga yubormay, keyingi yili otamning bunga ruxsat berganidan keyin o‘zimcha o‘yladim, otam meni sinamoqchi. “O‘zi mustaqil bo‘lsin, o‘rgansin”, deganlar, menimcha. Xavotir har bir ota-onada bo‘ladi, lekin menga buni umuman bildirishmagan. Mustaqillikni xohladimi, o‘rgansin, bizga bog‘lanib qolmasin, deyishgandir xoynahoy, chunki erka uy qizi edim. Ortiqcha tadbirlar, ziyofatlarga ham chiqmaganman, sinfdoshlar bilan aylanishlarga bormasdim, kiyim-kechakka, o‘yin-kulgiga uchmaganman, faqat o‘qirdim. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqil hayotni ko‘rmagandim.

Otam bilan 1-kursning ilk kunida birga universitetga borganmiz. Keyinchalik esa meni yeru ko‘kka ishonmaydigan otam menga qo‘ng‘iroq qilmaydigan, xabar yozmaydigan bo‘ldilar. Juda ko‘nglim og‘rigan. Bir kuni onam “dadang qizimning o‘qishlari qanday ketyapti, puli bormikan, sog‘lig‘i yaxshimikan, ortiqcha bezovtagarchiliklar bo‘lmayaptimikan, so‘ra o‘zing”, deganlarini aytdilar. Ular menga juda ishonishadi.

Toshkentga kelganimda menda aynan soham doirasida qandaydir reja, aniq maqsad bo‘lmagan. Shu sabab boshida qiynaldim. Atrofimdagi do‘stlarim, kursdoshlarim qilayotgan ishlarni ko‘rib biroz tushkunlikka ham tushganman. Keyinchalik anglab yetganim, inson o‘zi xohlagan, shug‘ullanib maroq oladigan ishni qilgani ma’qul ekan. Mehr qo‘ymasdan, o‘zini majburlab amalga oshirilgan harakat baribir hech qanday foyda bermas ekan.

3-kursgacha o‘zimning turli sohalardan ketishim haqida o‘yladim. Huquq, yuridik sohalar, xalqaro munosabatlar, masalan. Lekin keyinchalik ustozim Husniddin Atoning turtkisi bilan fotojurnalistika yo‘nalishini tanladim. Bu inson mendagi o‘zim ko‘rolmagan qobiliyatni ko‘ra oldi, iste’dodga amaliyotni qo‘shib, harakat qilishga undadi, ba’zan dakki berdi, majburladi, har holda hozirgi Dilruhni shakllantirdi, desam ham bo‘ladi.

Foto: Dilruh Isomiddinovaning shaxsiy arxividan.

Ko‘pchilik qizlar o‘qishga kirgach 1−2 yildan keyin turmushga chiqib ketishiga sabab ularda maqsad yo‘qligi, menimcha. Yoki qizlarning ota-onasi ularni to‘g‘ri tushunmasligi, ularni qo‘llab-quvvatlamasligi, farzandining maqsadlari, salohiyati, qiziqishi haqida qayg‘urmasligi va qizlarning ota-onasi yonida andisha qilib, ularning ra’yiga qarshi borolmasligi sabab bo‘lishi mumkin. Hech bir qiz ota-onasi “o‘qiysan”, desa, “Yo‘q, men erga tegaman”, demaydi. Bu borada ikki xil holat bo‘lishi mumkin: qizga sovchi kelgach, qiz “yo‘q, men turmushga chiqmayman, o‘qishim, ishlashim kerak”, deb turib olishi yoki ota-onasining gapiga ko‘nib oila qurishi mumkin. Yana bir toifa qizlar ham bor: ular o‘zlarini oila bekasi sifatida ko‘rishadi faqat.

Shaxsan o‘zimda bunday holat deyarli bo‘lmagan. Men oilada bitta qiz bo‘lganim sabab avvalo o‘z maqsadlarimga erishishimni xohlashgan oilamdagilar. O‘qishga kirganimdan so‘ng ular menga “sen faqat o‘qishni, ishni o‘yla. Seni boshqa narsa bilan chalg‘itmaymiz”, deb bot-bot takrorlashgan. Hattoki uyga kelgan sovchilar yoki meni ortimdan surishtirganlar haqida ham bilmayman.

Foto: Dilruh Isomiddinovaning shaxsiy arxividan.

Ijarada yashaydigan qizlar qarindoshinikida yashaydigan qizlardan mustaqilroq bo‘ladi, menimcha. Ijarada yashaydiganlar o‘zi uchun bozorlik qiladi, o‘zi uchun ovqat tayyorlaydi, o‘zi uchun daromad topishga urinadi va hokazo. U boshqacha tarbiyalanadi. Mening ham xarakterimdagi ko‘p jihatlar o‘zgarishiga shu sabab bo‘lgan, nazdimda. Oz bo‘lsada diydam qotdi, ijtimoiy munosabatlarni, qay vaziyatda qanday harakat qilish samara berishini, holatlarni, insonlarni baholashni o‘rgandim, dehqonchasiga aytganda, oq-qorani tanidim.

Ba’zi holatlar bo‘ladi, ota-onam menga biror muammosini aytmaydi. Ular kasal bo‘lsa ham boshqalardan eshitaman. Ammo shunday tanishlarim bor, ular ota-onasi bilan har soatda gaplashib turadi, ularga hayotidagi hamma narsa haqida tortinmay aytishadi. Menimcha, bu noto‘g‘ri. Qiz bola yoshlikdan qaysidir ma’noda gap tashuvchi bo‘lyaptimi, turmush qurgandan keyin ham bu holat davom etishi mumkin. Tanishlarimdan ayrimlarining aynan shu holatlar sabab oilasi buzilib ketgan.

Turmush qursam kasbimni, shubhasiz, davom ettiraman. Turmush quradigan insonim menga shu imkoniyatni bersa, shunga ishonchim komil bo‘lsagina turmush quraman, ya’ni “ishlatmayman, uyda olib o‘tiraman”, degan inson bilan oila qurish haqida o‘ylamaganman. Bekorga shuncha vaqtim, mehnatimni sarflab tahsil olmadim, bekorga ota-onam yiliga o‘n millionlab kontrakt to‘lamadi, men o‘z bilimlarim ertaga farzandlarimgagina emas, butun sayyoraga, hech yo‘q bir jamiyatga foyda berishini chin dildan xohlayman.

Jamiyatda ayollarga bo‘lgan munosabatdan menga bepisandlik yoqmaydi. Ayollarga qo‘lidan hech narsa kelmaydigan, faqat uyda o‘tiradigan, farzand tarbiyalab, ovqat pishirib o‘tiradigan odam, deb qarashlari yoqmaydi. Uzoq viloyatdan shaharga kelib o‘qiydigan qizga nisbatan shubha nigohi bilan qarab baho berishlari yoqmaydi. Deylik, u qishloq qizi bo‘lsa “axloqi buzilib, tarbiyasi yomonlashib ketishi, biroz pardoz qilsa o‘zgarib ketibdi, shaharga borib buzilibdi”, degan gap-so‘zlarni urchitishlari yoqmaydi. Endi hayotga ulg‘aygan nigoh, yuksak orzu-umid bilan qaray boshlagan qizni majburlab turmushga berib to‘rt devor ichiga qamab qo‘yishlari yoqmaydi. Biror o‘rtog‘i bilan kelishib, va’dalashib qo‘ygan ota yoki onaning lafzim bor deb qizining fikrini eshitmay, ko‘nglini bilmay uzatib yuborishi yoqmaydi.

Foto: Dilruh Isomiddinovaning shaxsiy arxividan.

Viloyatlardagi o‘zim tengi qizga, avvalo, turmush qurishga shoshilmasligini maslahat beraman. Turmush qurishdan avval ko‘p maqsad va rejalarini amalga oshirishga ulgurish kerak. Keyinchalik ro‘zg‘or bilan bo‘lib o‘ylaganlarini qila olmasligi mumkin. Qizlik vaqtida o‘qishga, o‘z yo‘lini, o‘rnini topib olishga ulgurishi kerak.

O‘qishga qiziqsin, bir maqsadi bo‘lsin. Shunchaki diplom uchun emas, nimadir o‘rganish uchun o‘qisin. Agar ta’lim tizimidan qoniqmasa, o‘z ustida ishlasin. Ko‘pchilikda iqtidor, iste’dod bo‘lsa ham buni yuzaga chiqarishga turtki beradigan motiv bo‘lmaydi. O‘ziga yaxshi ustoz topsin. Ota-onasi uni tushunmasa, ular bilan bafurja gaplashsin. Ko‘nglini ochsin. Ota-ona hech qachon o‘z vujudidan paydo bo‘lgan farzandiga yomonlik ravo ko‘rmaydi.

“Gazeta.uz” avvalroq intervyularning 1-qismini e’lon qilgan edi.