O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida Tojikiston bilan munosabatlar va chegara masalasiga to‘xtaldi, deb xabar bermoqda partiya matbuot xizmati.

«Bir yarim yil azob bo‘lib Tojikiston bilan gaplashganmiz. Oldin chegaralarimizda mina bor ediku», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Tojikiston bilan chegaralar masalasida 3 soat o‘tirib, 20 yilda hal bo‘lmagan masalalarning 99,9 foizini birdaniga hal qildik. Nimaga? Men bilaman, bu ikki xalq bir-birovi bilan bordi-keldi qilishi kerak. Mina bo‘lishi kerak emas. Qo‘shnimiz», — deya ta’kidladi u.

Shavkat Mirziyoyev so‘zlariga ko‘ra, «inson qadri birinchi o‘ringa qo‘yilmasa hech qachon o‘zgarishlar bo‘lmaydi».

«Agar inson rozi bo‘lsa, uni o‘zi qodir ko‘p ishlarni qilishga», — deya qo‘shimcha qildi nomzod.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil mart oyida Tojikistonga tashrifi chog‘idagi muzokaralar natijasida davlat chegaralarini demarkatsiya qilish, delimitatsiya qilish va qo‘shni hududlarni minalardan tozalash masalalarini qamrab oluvchi 27 ta hujjat imzolangan edi. O‘sha yilning may oyida esa o‘zbek-tojik chegarasidagi minalar olib tashlash jarayonlari boshlangan.

Tojikiston-O‘zbekiston chegarasidagi muhandislik to‘siqlari va minalar 2001−2002 yillarda o‘rnatilgan. O‘zbekiston o‘shanda buni o‘z harakatlarini hududni noqonuniy qurolli guruhlar jangarilaridan himoya qilish istagi bilan izohlagan. Biroq, o‘tgan yillar mobaynida tinch aholi bir necha bor minalar bilan portlagan.

Tojikiston Milliy minalar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 yil mobaynida mamlakat ichkarisida ham, O‘zbekiston chegarasida ham piyodalarga qarshi minalar portlashi natijasida 374 kishi halok bo‘lgan, 485 kishi jarohatlangan. To‘g‘ridan -to‘g‘ri chegarada qancha odam halok bo‘lgani aniqlanmagan.

Tozalash ishlari davomida 2 ta tojikistonlik sapyor halok bo‘ldi, 20 ta mutaxassis jarohatlangan.