22 sentabr kuni Inter IKEA Systems B.V. kompaniyasi O‘zbekistonda IKEA tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Intellektual mulk agentligiga ariza yubordi. Bu haqda Spot.uz xabar berdi.

Kompaniya faoliyat turlari ro‘yxati ariza ilovasida keltirilgan:

  • yoritish, isitish, sovutish, bug‘ chiqarish, pishirish, quritish, shamollatish, suv ta’minoti, lampalar, muzlatgichlar uchun moslamalar va qurilmalar;
  • mebel, nometall, suratlar uchun ramkalar, shu jumladan kreslolar, divanlar, shkaflar, stollar, ko‘rpa-to‘shaklar va boshqalar;
  • Uy va oshxona anjomlari hamda idishlari;
  • reklama xizmatlari, uchinchi shaxslar uchun marketing va sotishni rag‘batlantirish xizmatlari, franchayzing foydalanuvchilarining biznesini boshqarish, shuningdek, mebel, interer buyumlari, ichki bezatish mahsulotlarini sotish va sotib olish bo‘yicha xodimlarni boshqarish xizmatlari.

Intellektual mulk agentligiga ko‘ra, kompaniya arizasi ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» fevral oyida Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov prezidentga IKEA fabrikasi Chirchiqda qurilishiga doir loyihani namoyish qilgani haqida xabar bergandi. Bu loyihaning umumiy qiymati 52 mln AQSh dollariga baholangandi.

Shundan so‘ng, IKEA kompaniyasi 2025 yilga qadar dunyo bo‘ylab 12 ta do‘konini ochishni ko‘zda tutgani, biroq O‘zbekiston mazkur ro‘yxatda ham mavjud emasligi haqida malum qilgandi. Shuningdek, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov prezidentga taqdim etilgan, biroq IKEA tomonidan rad etilgan mebel fabrika qurilishi loyihasi tadbirkorlar tomonidan taklif sifatida berilganini aytgan edi.