Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda erkak kishi 12 sentabrga o‘tar kechasi uning 14 yoshli o‘g‘li Toshkent dengizida (Tuyabo‘g‘iz suv ombori) sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida vafot etganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, baxtsiz hodisa Milliy gvardiyaning mast xodimi tufayli sodir bo‘lgan, u Matiz avtomobilini haydab ketayotib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan Damas`ga xalaqit bergan, natijada haydovchi o‘ngga burib, yo‘l chetida turgan piyodani urib yuborgan. Kuzatuv kameralaridagi yozuvda birinchi mashinani boshqargan odamning voqea joyidan qochishga uringanini ko‘rish mumkin.

IIV YHXBB ma’lumotlariga ko‘ra, ikki avtomobil ishtirokidagi avariya 12 sentabr kuni taxminan 1:30 da Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi “Qorasuv-Bekobod” yo‘lining 8-kilometrida sodir bo‘lgan. Matiz avtomobilini T. M. (1980 y. t.), Damas`ni esa G. E. (1978 y. t.) boshqarib kelayotgan bo‘lgan.

YTH natijasida ikkinchi avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomonida turgan A. K.ni (2007 y. t.) urib yuborgan. O‘smir olgan tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.

Dastlabki tergovda Matiz haydovchisining haqiqatdan ham mast holda bo‘lgani tasdiqlangan. Biroq xabarda uning ish joyi aniqlashtirilmagan.

Mazkur holat yuzasida Jinoyat kodeksining 266-modda 2-qismi (yo‘l harakati qoidalarini buzish odam o‘limiga olib kelsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda marhum A.K.ning otasi o‘g‘lini urib yuborgan mast haydovchi Milliy gvardiya xodimi ekanini aytib, videomurojaat bilan chiqdi.

Milliy gvardiya qo‘riqlash bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan.

Qayd etilishicha, hodisadagi davlat raqami Matiz haydovchisi T.M. Milliy gvardiya xodimi emas. U oldin Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasining xodimi bo‘lgan va o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shatilgan.