14 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida Maqsuda Vorisova, Bahrom Abduhalimov, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzodlar sifatida ro‘yxatga olindi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ushbu siyosiy partiyalar tomonidan 9−10 sentabr kuni tegishli hujjatlar va O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari taqdim etilgan edi. Shundan so‘ng, imzo varaqalari MSK Ekspertlar guruhi tomonidan tekshirib chiqildi.

Xalq demokratik partiyasi nomzodi Maqsuda Vorisova uchun 225 mingdan ortiq saylovchining imzosi to‘plangan bo‘lsa, «Adolat» nomzodi Bahrom Abduhalimov uchun 213 mingdan ortiq imzo to‘plangan. O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlovchi jami 300 mingdan ortiq saylovchining imzosi to‘plangan.

Yig‘ilishda mutaxassislar har bir imzo varaqasini vizual o‘rganish jarayonida, ularning to‘g‘ri to‘ldirilgani, tuzatishlar kiritilgani, o‘chirib yozilgan tuzatishlar borligi, turli shaxslar tomonidan to‘ldirilgani, o‘xshash imzolar va tasdiqlangan tuzatishlar mavjudligiga e’tibor qaratishgani ta’kidlandi.

Ekspert guruhining xulosasiga asosan taqdim etilgan imzo varaqalari nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun yetarli miqdorda to‘plangan va qonun talablariga mos keladi deb qayd etildi.

Majlis davomida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Vorisova Maqsuda Azizovna, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Mirziyoyev Shavkat Miromonovich O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.

Saylov kodeksining 40-moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kun ichida tegishli saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.

11 sentabr kuni MSK Milliy tiklanish partiyasidan Alisher Qodirovni hamda Ekologik partiyadan Narzulla Oblomuradovni prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olgan edi.