«Trest-12» aksionerlik jamiyati 26 avgust kuni aksionerlarning navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazdi. Ishtirokchilar kvorumi — 98,15%. Yig‘ilish bayonnomasi 6 sentabrda tuzilgan.

Mavjud vaktlar haqidagi ma’lumotlarning guvohlik berishicha, 30 iyundagi aksionerlarning umumiy yig‘ilishida qabul qilingan 2020 yil yakunlari bo‘yicha jamiyat sof daromadini taqsimlash, dividendlar hajmi, shakli, ularni to‘lash muddatlari va tartiblarini tasdiqlash bo‘yicha qarori bekor qilingan.

Yig‘ilishda kompaniyaning 2020 yildagi sof daromadini (20,9 mlrd so‘m) quyidagicha taqsimlash tasdiqlandi:

  • AJ zaxira jamg‘armasini to‘ldirishga (5%) — 1,04 mlrd so‘m;
  • Dividendlarni to‘lashga (55%) — 11,51 mlrd so‘m;
  • Kompaniyani rivojlantirish jamg‘armasiga (39,5%) — 8,27 mlrd so‘m.

Yig‘ilishda kuzatuv kengashini 100 mln so‘m (sof daromadning 0,5 foizi) miqdorida mukofotlash to‘g‘risidagi masala ham ovoz berishga qo‘yilgan, biroq aksionerlarning katta qismi qarshi ovoz bergan.

Manbalar: KTYADR va YAIDXP.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri (KTYADR) ma’lumotlariga ko‘ra, «Trest-12» kompaniyasi 1994 yil 7 dekabrda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — noturar binolar qurilishi. Rahbar sifatida Fahriddin Nazirov ko‘rsatilgan. Aksionerlar orasida Toshkent hokimligi (51,1%), Muazzam Saidaxmatovna Zakirova (19,1%), Jasur Batirovich Zakirov (14,1%), Muxayo oktabrevna Zakirova (13,1%) va yana 12 kishi (2,6%) bor.

«Gazeta.uz»dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Jasur Zokirov va Muxayo Zakirova qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va rafiqasi. Uning o‘zi ham ilgari (2019 yil iyul oyida) «Trest-12» aksiyadorlari ro‘yxatiga kiritilgan (o‘sha vaqtda u qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari, 1996−2011 yillarda — «Trest-12» boshqaruv kengashi raisi sifatida ishlagan).

«Trest-12» sof foydasini taqsimlash doirasida Jasur Zokirovga (14,1%) 1,62 mlrd so‘m, Muhayyo Zokirovaga (19,1%) — 1,5 mlrd to‘lanishi kerak. Bu miqdordan ular 5% dividend solig‘ini to‘lashlari kerak.

«Trest-12» va davlat xaridlari

Aprel oyida «Gazeta.uz» o‘rganishlar o‘tkazib, qurilish vazirining oilasi bilan bog‘liq bo‘lgan «Trest-12» katta davlat buyurtmalarini tendersiz olganini aniqlagan edi (1, 2). May oyi oxirida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov kompaniya loyihalarida manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini tasdiqladi. Unga ko‘ra, trest 5 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Qurilish vaziri «Trest-12»da haqiqatdan ham yaqinlari ishlashini tasdiqlagan, biroq obyektlarni tendersiz berish masalasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga yoki oilasiga bog‘liq emasligini ta’kidlagan edi. U loyihalarni tendersiz berish hukumat va prezident qarori bilan belgilanishini qayd etgan edi.

«Bir narsani tushunishlaring kerak, 51 foiz davlat ulushi bo‘lgandan keyin menga uning sovug‘i ham, issig‘i ham yo‘q», — deya ta’kidlagan edi vazir.