O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsman) qonunchilik tashabbusi huquqi beriladi. Bu haqda prezidentning 10 sentabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, uch oy muddatda yangi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonun (amaldagi tahriri 2004 yildan buyon kuchda) loyihasi ishlab chiqiladi.

Yangi qonun loyihasida ombudsmanga o‘z oldida turgan vazifalarni moneliksiz va samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar berish, uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralarini ko‘rish nazarda tutiladi.

Shuningdek, davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida ombudsman tomonidan O‘zbekiston prezidenti va Oliy Majlisiga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi joriy etiladi.

Ombudsmanga prezident, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim qilish huquqi beriladi.

Ombudsman lavozimiga oliy ma’lumotli, inson huquqlari, erkinliklar va qonuniy manfaatlarini himoya qilish shasida zarur tajribaga va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, saylanish kuni 30 yoshdan kichik bo‘lmagan va bevosita saylovgacha kamida besh yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkinligini belgilovchi qoida kiritiladi.

Ayni shaxsning ikki martadan ortiq ombudsman etib saylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ombudsman va uning o‘rinbosarlariga o‘z vakolat muddati davrida daxlsizlik bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar beriladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, ayni vaqtda prezident, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va bosh prokuror qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Avvalroq xuddi shu farmon bilan hududlarda ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik. Ular fuqarolardan shikoyatlarni qabul qilib, inson huquqlari monitoringini yuritadi.