«Milliy tiklanish» partiyasining vakolatli vakili Bahodir Mamatxonov partiya va uning nomzodi debatlar va saylovoldi dasturini ekspertizadan o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Avvalroq, «Adolat» va Milliy tiklanish partiyalari orasida mojaro yuzaga келгани haqida yozgan edik. Shundan so‘ng, Adolat nomzodi Bahrom Abduxalimov Alisher Qodirovni ko‘chirmakashlikda ayblayotganini yana bir bor tasdiqlab, u bilan ham debatlarga kirishishi mumkinligini aytgandi.

Bunga javoban Alisher Qodirov o‘zining telegram kanalida saylovoldi dasturlaridagi o‘xshash jihatlarni «imkoniyat» deb atab, «Adolat» partiyasi bilan prezidentlik saylovlarida har ikki partiyadan yagona nomzod ko‘rsatish masalasini muhokama qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Milliy tiklanish partiyasi vakolatli vakili Bahodir Mamatxonov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Alisher Qodirov partiyalar birlashishini nazarda tutmaganini aytdi.

«Bizning nomzodimiz debatga ham, jurnalistlar, jamoatchilik yoki saylovchilar bilan ochiq fikrlashishga, g‘oyalarni ekspertizadan o‘tkazishga ham tayyor… Partiyalar birlashishi nazarda tutilmayapti. Agar fikrlarimiz bir xil bo‘lsa, birgalikda bitta nomzod ko‘rsataylik deyilyapti», — dedi u.

Bahodir Mamatxonov.

U shuningdek, Milliy tiklanish va Adolat bir nomzodni ko‘rsatsa, Alisher Qodirov o‘z o‘rnini Bahrom Abduxalimovga bo‘shatib berishga tayyor yoki yo‘qligiga ham oydinlik kiritdi.

«Alisher Qodirov o‘zining joyini bo‘shatib berishga emas, kurashishga tayyor. Biz hech qachon orqaga chekinmaymiz. Meni shaxsiy fikrim, bizning nomzod ham Adolatni nomzodi ham o‘zini o‘rnini berishni xohlamasa kerak. Kuchlilar orasidan nomzod tanlanadi. Maqsadi va fikri aniq, o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega bo‘lganlar nomzodini qo‘yadi. Nomzodlar o‘z dasturi, rejalari bo‘yicha chiqish qilib ko‘rsatib bersin. Odamda baribir siyosiy dunyoqarash, xarizma, yetakchilik qobiliyati degan narsalar bor. Ikkita nomzod ham shularni ko‘rsatib bersin, bu yoqda qarorni qabul qiladiganlar boshqalar. Ko‘pchilik qaror qabul qiladi, bir kishi emas», — dedi Mamatxonov.

Milliy tiklanish partiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Alisher Qodirov kurashadi va ortga chekinmaydi. «Chekinishga, orqaga qadam tashlashga uni tabiati ham yo‘l qo‘ymaydi. O‘zi rahbarlik qilib turgan partiya g‘oyasi, faoliyati va orqasidagi partiyadoshlari ham bunga yo‘l qo‘ymaydi», — deya qo‘shimcha qildi partiya vakili.

Abdukamol Raxmonov.

«Gazeta.uz» ayni shu holat bo‘yicha «Adolat» partiyasi nomzodi pozitsiyasini bilish maqsadida partiyaning vakolatli vakiliga murojaat qildi. Abdukamol Raxmonov mazkur masala yuzasidan izoh berishni istamadi va bunga nomzodning o‘zi javob bergani ma’qul ekanini aytdi.