Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturini e’lon qila turib, aslida odamlar ko‘tarayotgan muammolar 5−10 baravar ko‘proq ekanligini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Xalqimiz aytgan muammolardan 5−10 baravar ko‘proq muammolar borligini bilaman. Ammo vazminlik, sarosimaga tushmasdan xalq bergan ishonchga munosib bo‘lishga, ularni hal qilishga harakat qilaman. Kimdan kuch olaman? Bolam deb bag‘riga oladigan xalqim bor. Betakror Vatanimiz bor», — dedi u.

U o‘z so‘zi davomida bu rejalar ma’ruza emasligini, buni amalga oshirish hayotining mazmuni ekanligini qayd etdi.

«Sizlarni ishontirmoqchiman: yo‘limiz aniq. Xalqimizga xizmat qilamiz. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugungi xalqimiz — kechagi xalq emas. Bugungi O‘zbekiston ham, kechagi O‘zbekiston emas. Biz bilan hamkorlik qilayotgan dunyo ham kechagi dunyo emas. Jonajon Vatanimiz o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotgan mana shu tarixiy damlarda ko‘pmillatli xalqimizga murojaat qilib aytmoqchiman: sizlar bilan birga qancha murakkab marra va dovonlardan o‘tdik», — dedi davlat rahbari.

U shunday bo‘lsa bu yo‘lda to‘xtab qolmaganini aytdi. «Ammo hech qachon yarim yo‘lda to‘xtab qolmadik. Ba’zan toliqqan va charchagan paytlarimiz ham bo‘ldi. Lekin hech qachon tushkunlikka tushmadik. Kelajakka, yorug‘ kunlarga ishonchimizni aslo yo‘qotmadik», — dedi prezident

«Bu o‘zgarishlar — shunchaki oddiy voqealar emas. Har biri shonli tariximizga oltin harflar bilan yoziladigan, kelajak avlodlar minnatdor bo‘lib esga oladigan, buyuk o‘zgarishlardir. Bu o‘zgarishlarning ijodkori, bunyodkori kim? Albatta, ko‘pni ko‘rgan, irodasi mustahkam, matonatli va mehr-oqibatli bag‘rikeng xalqimizdir», — dedi u.

U shunday buyuk xalq farzandi ekanidan, cheksiz faxrlanishini ta’kidladi.

«Barcha islohotlarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda hal qiluvchi kuch bo‘lib kelayotgan, o‘zini ayamasdan qahramonlarcha mehnat qilayotgan olijanob xalqimga, farzandlik mehri va sadoqati bilan chin dildan, ta’zim qilaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.