2021 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqaruvchilariga 2,57 trln so‘mlik (Markaziy bankning 7 sentabrdagi kursi bo‘yicha 240,9 mln dollar) bojxona imtiyozlari va preferensiyalari taqdim etilgan. Bu ma’lumotlar Davlat bojxona qo‘mitasi ro‘yxatida («Gazeta.uz»da mavjud) aks etgan.

Gap O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan taqdim etilgan bojxona imtiyozlari va preferensiyalari haqida ketmoqda.

Avvalroq UzAuto Motors kompaniyasi 2021 yilning olti oyida 1,9 trln so‘mlik (177,6 mln dollar) bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini olgani haqida yozgan edik. Bunda bojxona boji bo‘yicha 1,64 trln so‘m, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) — 255,6 mlrd so‘m, aksiz solig‘i — 356,7 mln so‘mni tashkil etadi.

«Jizzax avtomobil zavodi»

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

Olti oy davomida «Jizzax avtomobil zavodi» («Jizzax Avtomobil Zavodi» MCHJ) 322,9 mlrd so‘m (Markaziy bankning 8 sentabrdagi kursi bo‘yicha qariyb 30,2 mln dollar), jumladan, bojxona to‘lovlari — 281,1 mlrd so‘m, QQS bo‘yicha — 41,9 mlrd so‘mlik imtiyozlarga ega bo‘ldi.

Birinchi chorakda «Jizzax avtomobil zavodi» 63,8 mlrd so‘mlik imtiyozlardan foydalandi: bojxona to‘lovlari — 55,7 mlrd so‘m, QQS — 8,1 mlrd so‘m.

Ikkinchi chorakda imtiyozlar hajmi 4 barobar oshdi — 259,2 mlrd so‘mgacha: bojxona to‘lovlari — 225,4 mlrd so‘m, QQS — 33,8 mlrd so‘m.

Dastlab, avtomobil zavodi negizida Uzbekistan Peugeot Citroyon loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan edi, lekin yakunda u bekor qilindi, ishlab chiqarish maydonida Volkswagen va Škoda avtomobillari ishlab chiqarila boshlandi.

Loyihaviy quvvati yiliga 20 ming avtomobil, investitsiyalar hajmi 1,44 trln so‘m. 500 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

O‘tgan yilning iyul oyi oxirida O‘zbekistonda ochilgan birinchi Volkswagen dilerlik do‘konida Caddy yengil tijorat avtomobilini sotish boshlandi.

Zavodga tijorat avtomobil ishlab chiqarish korxonalarini boshqarish uchun «O‘zavtosanoat» kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Uzauto Commercial Vehicles Management boshqaruv kompaniyasi egalik qiladi.

Roodell va ADM Jizzakh

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

Roodell kompaniyasi dastlab «AvtoVAZ» (Vesta i XRay, Lada) rasmiy importchisi va Kia`ning O‘zbekistondagi distribyuteri edi.

2020 yilning sentabrida kompaniya «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasidagi ADM Jizzakh zavodida Kia, so‘ngra — Lada va Renault avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi.

Kompaniya Kia ishlab chiqarishni boshlagan. Birinchi bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming dona avtomobilni tashkil etadi. Ikkinchi bosqichda, 2022 yilning oxiriga qadar esa quvvat 100 mingtaga yetadi, deya ma’lum qildi kompaniya vakili.

Roodell 2020 yilning oktabrida «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida birinchi bosqichda zavod 195 operatsiyani bajaradigan yirik uzelli yig‘ish usuli bo‘yicha avtomobillarni yig‘ishini aytgan edi. Ikkinchi bosqichda, 2022 yil oxiriga qadar payvandlash, korpus bo‘yash ustaxonalari va SKD-yig‘ishni o‘z ichiga olgan liniyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

DBQ ma’lumotlariga ko‘ra, Roodell 2021 yilning yanvar-iyun oylarida jami 140,5 mlrd so‘mlik (13,1 mln dollar), jumladan bojlardan — 122,3 mlrd so‘m, QQSdan — 18,3 mlrd so‘mlik bojxona imtiyozlarini qo‘lga kiritgan.

Birinchi chorakda kompaniya 81,5 milliard so‘m (bojlar — 70,9 milliard, QQS — 10,6 milliard), ikkinchisida — 59 milliard so‘m (bojlar — 51,3 milliard, QQS — 7,7 milliard) to‘lashdan ozod qilingan.

ADM Jizzakh zavodi ham 48,6 mlrd so‘m (4,5 mln dollar) miqdorida imtiyozlar oldi: bojlar — 48 mlrd so‘m, QQS — 572,5 mln so‘m. Yengillikning asosiy qismi ikkinchi chorakka (46,5 mlrd so‘m) to‘g‘ri keldi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yanvar oyida ro‘yxatdan o‘tgan ADM Jizzakh avtomobil zavodining yagona asoschisi Roodell (2012 yil may oyida ro‘yxatdan o‘tgan, u avtomobillar va yengil transport vositalarining chakana savdosi bilan shug‘ullanadi). O‘z navbatida, Roodell aktsiyalari Mirbahrom Asrorov (33,4%), Doniyor Davletiyarov (33,3%) va Murod-Mirzo Sharipovga (33,3%) tegishli.

SamAuto

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

«Samarqand Avtomobil Zavodi» (SamAuto) qo‘shma korxonasi birinchi yarim yillikda 80,7 mlrd so‘m (7,5 million dollar) miqdorida imtiyoz olgan, shu jumladan bojxona to‘lovlari — 68,6 mlrd so‘m, QQS — 12,1 mlrd so‘m.

Birinchi chorakda kompaniya 29,7 mlrd so‘mni (bojlar — 25,8 mlrd so‘m, QQS — 3,9 mlrd so‘m), ikkinchisida — 50,9 mlrd so‘mni (bojlar — 42,7 mlrd so‘m, QQS — 8, 2 mlrd so‘m) tejab qoldi.

«Samarqand avtomobil zavodi» 1999 yil mart oyida ochilgan. Kompaniya tijorat avtomobillari: avtobuslar, yuk mashinalari va maxsus transport vositalarini ishlab chiqaradi. 2019 yil noyabr oyida zavod Isuzu D-Max pikaplarini ishlab chiqarishni boshladi.

«O‘zavtosanoat», «Asaka» banki, Yaponiyaning Itochu Corporation va Isuzu Morots kompaniyalari zavod ta’sischilari hisoblanadi.

UzAuto Trailer

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

2012 yilda UzAuto Trailer tirkama texnikalari, samosval kuzovlari, konteyner tashuvchilar, 2018 yil mart oyidan esa yuk mashinalari va boshqa KAMAZ texnikalarini ishlab chiqarishni boshladi.

DBQ ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaga olti oy mobaynida 57,7 mlrd so‘mlik imtiyozlar berilgan: bojlar — 50,2 mlrd so‘m, QQS — 7,5 mlrd so‘m.

Birinchi chorakda kompaniya 13 mlrd so‘m, ikkinchi chorakda 44,7 mlrd so‘mni tejab qolgan.

Uz Truck and Bus Motors

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

2012 yilda Samarqand viloyati Jomboy tumanida JV MAN Auto-Uzbekistan og‘ir yuk mashinalari ishlab chiqarish bo‘yicha yig‘ish zavodi ochildi. Zavod keyinchalik MAN avtobuslarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi.

2019 yilda «O‘zavtosanoat» (34,2% ulush), Xitoyning Sinotruk International Investment Limited (32,9%) va Germaniyaning MAN Truck & Bus SE (32,9%) kompaniyalari JV MAN Auto-Uzbekistan QK negizida UZ Truck and Bus Motors qo‘shma korxonasini tuzish to‘g‘risida bitim imzoladilar.

Sinotruk MAN Auto-Uzbekistan QK ustav kapitaliga 12,1 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni kiritib, korxona ta’sischilaridan biriga aylandi.

DBQ ma’lumotlariga ko‘ra, UZ Truck and Bus Motors birinchi yarim yillikda 25,8 mlrd so‘mlik ($2,4 mln) imtiyozlar olgan: bojlar — 22,7 mlrd so‘m, QQS — 3,1 mlrd so‘m.

Birinchi chorakda kompaniya 11 mlrd so‘m (bojlar — 9,9 mlrd, QQS — 1,1 mlrd so‘m), ikkinchisida — 14,8 mlrd so‘m (bojlar — 12,9 mlrd , QQS — 1,9 mlrd so‘m) to‘lashdan ozod qilingan.

Yuqorida aytib o‘tilgan avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun umumiy imtiyozlar miqdori 2,57 trln so‘mdan oshgan. Taqqoslash uchun, bu shu vaqt ichida Sirdaryo viloyati yalpi hududiy mahsulotining (6,67 trln) 38,6 foiziga teng demakdir.

Sohadagi boshqa kompaniyalar

2021 yil yanvar-iyun oylarida «O‘zavtosanoat» tarkibidagi boshqa kompaniyalarga ham imtiyozlar berilgan. Masalan:

Dvigatellar ishlab chiqaruvchi Uzauto Motors Powertrain 24,4 mlrd so‘mlik imtiyozlarga ega bo‘lgan: bojlar — 20,8 mlrd so‘m, QQS — 3,5 mlrd so‘m, aksiz — 80,3 mln so‘m.

UzAuto Motors avtomobillari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi «Uz -Tong Xong Ko» QK 28 mlrd so‘m to‘lashdan ozod qilingan: bojlar — 24,5 mlrd so‘m, QQS — 3,5 milliard so‘m.