Toshkentda O‘zbekiston avtomobil monopoliyasi haqidagi yangi graffiti paydo bo‘ldi. Mazkur ijod namunasi Inkuzart taxallusi ostida ish olib borayotgan mahalliy graffitichi Abdurahmonga tegishli.

4 sentyabr kuni u o‘zining Instagram sahifasida graffitini chizish jarayoni aks etgan videoni, tayyor holati tushirilgan bir nechta fotosurat e’lon qilib, «Monopoliya» degan so‘zni ilova qilib qo‘ydi.

Ko‘cha rassomining ijod namunasida Chevrolet savdo belgisi ostida avtomobillar ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors kompaniyasi monopoliyasiga ishora qilib, mashina olish uchun uzun navbat aks ettirilgan. Tasvirlarda pushtirang bosh kiyimdagi kishi ham aks ettirilgan bo‘lib, u bir vaqtlar avtomobillarni qo‘shimcha to‘lov evaziga (xalq tilida «shapka» deyilgan — tahr.) sotib olinganiga ishora qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari suratlar Chilonzor tumanida joylashgan AQShning sobiq elchixonasi devoriga chizilganini ma’lum qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, graffitilarni o‘chirish tashlashga harakat qilingan. Jumladan, internetda sariq formadagi (obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari bo‘lishi kerak) ishchilarning suratlar ustidan bo‘yoq tortayotgani aks etgan fotosuratlar paydo bo‘ldi.

Biroq Daryo nashri 5 sentyab kuni o‘chirish harakati muvaffaqiyatsiz tugaganini ma’lum qildi.

Keyinroq Inkuzart o‘z sahifasining hikoyalar qismida graffitining katta qismi oq bo‘yoq yordamida o‘chirib tashlangani tasvirlangan fotosuratni e’lon qildi.

Keyinroq, ijtimoiy tarmoqlarda yangi graffit to‘liqligicha bo‘yab tashlangani aks etgan foto e’lon qilindi.

Foto: Tentakminds / Telegram

UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan 2021 yilning yanvar-iyul oylarida 124,9 ming dona yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,9% yoxud 43,8 mingta kamroq yengil avtomobil ishlab chiqardi. Ishlab chiqarish hajmi kamayishiga global miqyosda mikrochiplar taqchilligi sabab qilib ko‘rsatildi.

31 avgust kuni Spot UzAvto Savdo ma’lumotlariga tayangan holda Lacetti sotib olish uchun navbat 31 mingtaga yetganini xabar qildi. ularning 18,4 mingtasi L-Elegant, 12,6 mingtasi esa L-Comfort modelini olmoqchi. Cobalt uchun ham navbatlar kuzatilmoqda — 31 avgust kuni ular soni 11 mingtadan oshgan.

Avgust oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Asakadagi avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan avtomobillar eksportga ichki bozorga nisbatan 30−40 foiz arzonroqqa sotilganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida raqobat muhitining shakllanishi, Toshkent, Namangan va Jizzax viloyatlarida yangi zavodlar qurilishi natijasida avtozavod o‘z faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi.

Inkuzart faoliyati haqida

«Gazeta.uz» avvalroq mahalliy Benksi nomini olgan graffitichi Inkuzart ishlari haqida hikoya qilgan edi. U yaqinda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Abrurauf Fitrat portretlari aks etgan graffitlarni chizgandi.

Foto: Afisha.uz.

Iyun oyi oxirlarida uning avvalroq chizgan graffiti — tibbiy niqobdagi Mona Liza tasviri ham bo‘yab tashlangan edi.