25 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Polsha prezidenti Anjey Duda bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi davlat rahbati matbuot xizmati.

Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni, shu jumladan siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi samarali sheriklikni davom ettirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Davlat rahbarlari Afg‘onistondagi voqealarning rivojlanishi nuqtai nazaridan mintaqadagi joriy vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.

Polsha prezidenti fuqarolarni Afg‘onistondan O‘zbekiston hududi orqali Polshaga evakuatsiya qilish bo‘yicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, 18 avgust kuni Polsha harbiy samolyoti Afg‘onistondan 50 kishini Navoiy aeroportiga evakuatsiya qilgani va ular shu yerdan Polshaga jo‘natilgani haqida xabar bergan edik.

Avvalroq 25 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan bir guruh elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Ular orasida Polshaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Radoslav Gruk ham bor.