O‘zbekiston prezidenti ishbilarmonlar bilan muloqoti davomida hamma arzon kredit olishni xohlashini, biroq foizni sun’iy pasaytirish bozordagi muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Lekin, kredit foiz stavkalarini sun’iy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun, iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo‘ymasligimiz lozim. Barqarorlik bo‘lmasa, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ko‘zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada, foiz stavkalariga bevosita ta’sir etadigan inflyatsiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishga qaratilgan ishlar izchil davom etishi qayd etildi.

«Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun, hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka o‘qitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda», — dedi davlat rahbari.

Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa yoshlarga o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablag‘lar jalb qilishga yordamlashadi, hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida ko‘makdosh bo‘ladi.

«Umuman, inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi», — deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Avvalroq, prezident ishbilarmonlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qilgan edi. «Banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha, qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida, qo‘shimcha 600 mln dollar ajratiladi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta — «so‘m»da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan edi.