«Tolibon» harakati 1994 yilda tashkil etilgan. Harakatning asoschisi Mulla Umar bo‘lib, u 2013 yilgacha (o‘limiga qadar) toliblar yetakchisi bo‘lgan. Bir ko‘zi ojiz bo‘lgan harbiy rahbarning o‘limini uning sheriklari faqat 2015 yilda tan olishgan. O‘shandan beri «Tolibon» o‘z rahbarini ikki marta o‘zgartirgan. O‘tgan hafta Afg‘onistonning butun hududini nazorati ostiga olgan toliblar mamlakatning yangi rahbariyatini tanishtirish niyatida.

Hozirda «Tolibon»ning yetakchilari kim va ular haqda nimalar ma’lumligi to‘g‘risida «Gazeta.uz» so‘z yuritadi.


Haybatulla Ohundzoda

Haybatulla Ohundzoda. Foto: Voice of America / Wikimedia Commons

«Tolibon» harakati vakillari ro‘yxatida birinchi bo‘lib tashkilotning amaldagi oliy rahbari Haybatulla Ohundzoda turadi. 1980 — yillardagi Sovet kampaniyasi paytida u mujohidlar safida jang qilgan, ammo uning front chizig‘idagi janglarda qatnashgani haqida ma’lumot yo‘q.

Ohundzoda 1994 yilda tuzilganiga ko‘p bo‘lmagan «Tolibon» safiga qo‘shilib, harakat asoschisi mulla Muhammad Umarning ishonchli kishilaridan biriga aylangan.

1996 yilda «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatga kelganida, Ohundzoda harbiy sudni boshqargan va Oliy sud raisining o‘rinbosari bo‘lgan. Aytilishicha, u jinoyatga qo‘l urganlarni toliblar tomonidan o‘rnatilgan qattiq jazolarga hukm qilgan (masalan, o‘g‘rilik uchun qo‘llarni kesish).

Afg‘onistonda toliblar rejimi ag‘darilgandan so‘ng, Ohundzoda Pokistonga ko‘chib, turli madraca, Islom diniy maktablarida dars bergan.

2013 yilda Tolibon asoschisi mulla Umar o‘ldirilgan. Axtar Muhammad Mansur guruhning yangi rahbari etib saylangan va Ohundzoda uning o‘rinbosarlaridan biriga aylanib, «Tolibon»ning terroristik hujumlarini uyushtirishda asosiy shaxslardan biri bo‘lgan.

2016 yilda Mansur Pokistonda halok bo‘lgan. Bir necha kundan keyin Ohundzoda harakatning yangi rahbari deb e’lon qilingan.

Ohundzoda guruhning oliy qo‘mondoni sifatida siyosiy, harbiy va diniy ishlar bilan shug‘ullanadi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Ohundzodaning oldiga «Tolibon»ni birlashtirish vazifasi qo‘yilgan edi, chunki Mansur davrida harakat ichida kelishmovchiliklar va hatto qurolli to‘qnashuvlar boshlangan. Ular Ohundzodani kamtarin inson sifatida qayd etib, toliblarning avvalgi yetakchisidan farqli o‘laroq, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun muzokaralarga rozi bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilishgan. Ammo harakat a’zolari uning tinchlik sulhini tuzishga rozi bo‘lmasligini ta’kidlashgan.

«Tolibon»da Ohundzoda omma oldida ko‘rinishni yoqtirmaydigan konservativ diniy ulamo sifatida tanilgan, deydi afg‘onistonlik jurnalist Sami Yusufzay. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar Ohundzodadan sudyalik vazifalari bo‘yicha o‘tmishi uchun qo‘rqishadi.

«Tolibon» rahbariga ham suiqasdlar bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor. Matbuot uning o‘limi haqida bir necha bor xabar bergan (shu jumladan koronavirusdan ham), lekin ular tasdiqlanmagan. Avgust oyi boshida «Tolibon» rasmiy vakili Zabihulla Mujohid Ohundzodaning toliblar yetakchisi bo‘lib qolishini, diniy, siyosiy va harbiy masalalarda hal qiluvchi so‘zga ega ekanligini aytgan.

Mulla Abdul G‘ani Barodar

Mulla Abdul G‘ani Barodar. Foto: «O‘zbekiston 24» lavhasi.

Tolibonning «yuzi»ga aylangan Abdul G‘ani Barodar 1968 yilda Afg‘oniston markazidagi Uruzgan provinsiyasida tug‘ilgan. U Qandahorda o‘sgan va Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirgandan keyin ularga qarshi janglarda qatnashgan. Taxminlarga ko‘ra, aynan o‘sha paytda Barodar mulla Umar bilan tanishgan. SSSR qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqqanidan so‘ng, Barodar Umar bilan birgalikda Qandahorda madrasa ochgan va keyinchalik «Tolibon» asoschilaridan biriga aylangan.

«Islom amirligi» paytida u «Tolibon»ning asosiy harbiy strateglaridan biri bo‘lib, terroristik va harbiy operatsiyalarni muvofiqlashtirish va moliyalashtirishga mas’ul bo‘lgan.

2001 yilda AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirganida va «Tolibon» rejimini ag‘darganida, Barodar mudofaa vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

«Tolibon» Afg‘onistonda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Barodar Pokistonga qochib ketgan. Uni AQSh ko‘magida hokimiyatga kelgan Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay bilan murosa tarafdori deb atashgan. Ammo 2009 yilda Barodar Amerikaning Newsweek jurnaliga bergan intervyusida amerikaliklar Afg‘onistondan chiqib ketmaguncha, «Tolibon» qurollarini tashlamasligini aytgan.

Barodar «Tolibon»ning asosiy muzokarachisi bo‘lib qolmoqda. Aynan u G‘arb davlatlari vakillari va Afg‘onistonning sobiq hokimiyati bilan tinchlik muzokaralarini olib borgan. U AQSh bilan 2020 yil boshida amerikalik qo‘shinlarni olib chiqish bo‘yicha shartnomani imzolagan. Hujjatni tayyorlash uchun u o‘sha paytda Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlagan Mayk Pompeo bilan uchrashgan, o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali gaplashib, Oq uy rahbari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashgan birinchi «Tolibon» yetakchisiga aylangan.

Barodar bilan shaxsan uchrashgan afg‘onistonlik jurnalist Sami Yusufzay uni xotirjam, juda diplomatik odam deb ta’riflagan.

Sirojiddin Haqqoniy

Sirojiddin Haqqoniy. Foto: fbi.gov

Sirojiddin — Jaloliddin Haqqoniyning o‘g‘li. Jaloliddin Haqqoniy Sovet qo‘shinlari bilan jang qilgan va bu jangda Amerika maxsus xizmatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Uning vafoti 2018 yilda e’lon qilingan. Toliblarga qo‘shilishdan oldin Jaloliddin o‘zining «Haqqoniy tarmog‘i» terrorchilik guruhini tuzgan.

Jaloliddinning o‘g‘li Sirojiddin Haqqoniy 2015 yilda «Tolibon» safiga qo‘shilgan. Bungacha u otasining tashkiloti safida jang qilgan. AQSh uni olti kishi halok bo‘lgan Kobuldagi mehmonxonada sodir bo‘lgan terakt va o‘sha yili Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzayga qilingan suiqasdda gumon qilib qidirmoqda.

Kichik-Haqqoniy Afg‘oniston janubi va janubi-sharqidagi hududlarni nazorat qilardi. Ammo so‘nggi yillarda, AQSh harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, u harbiy rejalar bo‘yicha mas’ul bo‘lgan.

AQSh Federal tergov byurosi «Tolibon» qo‘mondoni Sirojiddin Haqqoniy qo‘lga olinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ma’lumot uchun 5 mln dollar taklif qilmoqda.

«Haqqoniy tarmog‘i»ning yetakchisi 2020 yilda The New York Times`da «Biz, Tolibon, nimani istaymiz» nomli maqolani e’lon qilgani bilan ham mashhur. 2010 yilda esa u o‘zining 144 sahifadan iborat «Mujohidlar manfaati uchun urush darslari» kitobini nashr etgan. Unda u boshni tanadan judo qilish va xudkush-terroristlarning portlashlarini qo‘llab-quvvatlagan, shuningdek G‘arb musulmonlarini olomon bilan qo‘shilib ketishga, sochni oldirib, G‘arb kiyimlarini kiyishga va «sabrli bo‘lishga» undagan.

Mulla Muhammad Yoqub

RBK. Uning suratlari ochiq manbalarda mavjud emas.

Guruhdagi yana bir muhim shaxs va harakatning eng yosh rahbarlaridan biri — «Tolibon» asoschisi Muhammad Umarning to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammad Yoqub hisoblanadi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Yoqub 1990 yilda tug‘ilgan. Xuddi otasi kabi Yoqub mulla maqomini olgan, 2013 yilda Umar vafotidan keyin mashhur bo‘lib ketgan.

Garchi u Umarning vorisi sifatida «Tolibon» rahbari sifatida tan olingan bo‘lsa-da, hozirda u harakatning qurolli kuchlarini boshqaradi. Yoqub 2013 yilda harakatning boshqa vakillari bilan ziddiyat tufayli otasining o‘rnini egallay olmagani taxmin qilinadi.

U jangarilarga rahbarlik qilishdan tashqari, «Tolibon»ning hozirgi rahbari o‘rinbosarlaridan biri hisoblanadi. 2020 yilda harakat rahbari COVID-19 bilan kasallanganida Yoqub vaqtincha tashkilot rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. Shu bilan birga, «Tolibon» Afg‘onistonni qo‘lga kiritishi bilan u birinchilardan bo‘lib harakat jangarilarini afg‘on harbiylari va hukumat a’zosiga zarar yetkazmaslikka chaqirib, mamlakatdagi bozor va do‘konlarning barqaror ishlashini kuzatishni talab qilgan.

Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) ma’lumotlariga ko‘ra, Yoqubni Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlagan «shartli bosiq» «Tolibon» qanotiga kiritish mumkin. RUSI uni Saudiya Arabistoniga yaqin deb ataydi.

Afg‘onistonlik jurnalist Frad Bejanning so‘zlariga ko‘ra, u Pokistondagi islomiy maktablarda tahsil olgan.

Mulla Abdul Hakim

Mulla Abdul Hakim. Foto: /TGhazniwal/twitter.com

Qandahor viloyatida tug‘ilgan, 54 yoshda. 2020 yilda muzokaralar olib borish bo‘yicha lavozimni egalladi. Bungacha u «Tolibon»ning asosiy siyosiy organi joylashgan Kvetta shahrida islomiy diniy maktabni boshqargan.

«Tolibon» hukmronligi davrida u Qandahor sudida sudya bo‘lib ishlagan va dars bergan. Besh yil oldin u sud ishlari boshlig‘i etib tayinlangan, shundan so‘ng u ko‘plab fatvolar chiqargan. Aytilishicha, u sheriklari orasida huquqiy va diniy masalalarda eng bilimdon hisoblanadi. Pokistondagi Darul-ulum-Xakaniya madrasasini tamomlagan, Ohundzodaning ishonchiga sazovor bo‘lgan yetakchilardan biri.