Marhum shayx Usmonxon Alimov Temirxon o‘g‘lining janoza namozi Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi Eshoni Temirxon To‘ra jome masjidida o‘qildi.

«Gazeta.uz» manbasining ma’lum qilishicha, janozada shayx Abdulaziz Mansur hamda Rahmatilla qori ma’ruza qilgan. Janoza namozini esa muftiyning o‘g‘li o‘qigan.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, marosimda shuningdek, taniqli ulamolar, davlat va jamoat tashkiloti vakillari, hazratning qavmu qarindoshlari, do‘stu birodarlari, shogird va muxlislari, butun O‘zbekistonning turli joyidan kelganlar hamda xorijdagi vatandosh mo‘min-musulmonlar ishtirok etgan. Xususan, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Pokiston va boshqa davlatlardan qorilar tashrif buyurgani aytilmoqda.

Avvaqroq, Shavkat Mirziyoyev 71 yoshida olamdan o‘tgan muftiy Usmonxon Alimovning xonadoniga tashrif buyurib, uning yaqinlariga ta’ziya izxor etdi. «Hammamiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Ulug‘ inson edilar», — degan edi prezident.

Muftiy Usmonxon Alimov iyul oyidan buyon Moskvada o‘pka pnevmoniyasi va qon-tomir kasalliklaridan davo muolajalarini olayotgan edi. 12 avgust kuni u hanuz Rossiyada ekanligi va ahvoli barqaror ekanligi xabar qilingandi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.