“Gazeta.uz” “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida chet el oliygohlarida o‘qiyotgan yoki xorijda ta’lim olib, hozir o‘sha yerda ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbat uyushtiradi. Ushbu suhbatlarda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy ta’limni tanlaganligi, ularning boshidan o‘tgan sinovlar haqida so‘z boradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni — Kamilla Yenikeyeva.

Kamilla Yenikeyeva Samarqanddagi maktabda, uni bitirgach viloyatdagi Yuridik kollejida o‘qishni davom ettirgan. Kollejni qizil diplom bilan bitirgach, ikki yil Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kira olmagan. 2013 yilda Samarqand davlat chet tillari institutining yapon filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirgan. 3-kursda grant asosida 1 yilga Yaponiyaga o‘qishga ketadi, so‘ng esa Samarqandga qaytib kelib, o‘qishini davom ettirdi. 2019 yildan esa Yaponiyaning Sukuba universitetida “Jahon madaniy me’rosi” fakultetida tahsil oladi. Ayni vaqtda ushbu universitetning 2-kurs magistranti bo‘lib, madaniy me’ros, arxeologiya, turizm, YUNESKO va boshqa tashkilotlar faoliyatini o‘rganmoqda. O‘qishni bitirgach, 2022 yilning aprel oyidan Yaponiyadagi xalqaro konsalting kompaniyasi Accenture`da IT-konsalting bo‘limi mutaxassisi bo‘lib ishlaydi. O‘zbek, rus, ingliz, fransuz va yapon tillarini biladi.

— Yoshligingizdan to xorijga ketguningizga qadar bo‘lgan davr haqida gapirib bersangiz…

— Samarqandda tug‘ilib, voyaga yetdim. Maktabda ko‘proq ikkita fanga qiziqardim: biri Konstitutsiya va huquq bo‘yicha edi. Uning qanday nomlanganini aniq eslay olmayman. Ikkinchisi esa — matematika. Matematika bo‘yicha fan olimpiadalarida qatnashib, g‘olib ham bo‘lganman, kelajakda yurist bo‘lishni ham orzu qilganman.

Odatda ertalab barvaqt uydan chiqib, kechqurun kech qaytardim. Bunga ikki narsa sabab bo‘lgan: birinchidan, men o‘zbek sinfida o‘qiganman va ona tilimda bo‘lmagan mavzularni o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qolishga to‘g‘ri kelardi. Ikkinchidan esa maktabdan tashqari balet, badiiy gimnastika, shaxmat, musiqa maktabiga va fransuz tilidan mashg‘ulotlarga qatnardim.

Kollejda o‘qiyotgan vaqtimda SamDUning Yuridik fakultetida tahsilni davom ettirmoqchi edim, biroq afsuski, o‘sha vaqtda fakultet yopilib ketdi va oilam menga Samarqanddagi Chet tillari institutiga (SamDCHTI) kirishimni maslahat berdi. 16 yoshda kollejni qizil diplom bilan tamomladim, biroq shundan keyin ikki marta ingliz tili filologiyasi yo‘nalishiga o‘qishga kira olmadim. To‘g‘risini aytsam, o‘shanda menda filologiyada o‘qishga sira ham xohish yo‘q edi, bu menga qiziqarli tuyulmagan.

Uchinchi urinishda SamDCHTIning yapon filologiyasiga kirdim. Bu safar tilni o‘zim tanladim. Nima uchun aynan yapon tilini tanlaganimning tarixi uzun va butun tafsilotlarga berilmoqchi emasman. Yapon filologiyasiga kirganimdan keyin deyarli barcha tanishlarim yapon tili bilan qayerda ishlay olishimni tushunishmaganidan birinchi kursdan keyin o‘qishni ingliz filologiyasiga ko‘chirishimni maslahat berishardi. Yapon tilini o‘rganishni boshlashim bilanoq u menga juda yoqdi va uni o‘rganish qiyin kechdi deyolmayman.

2-kursdaligimda Notiqlik san’ati tanlovida respublikada to‘rtinchi va Markaziy Osiyoda 5-o‘rinni qo‘lga kiritdim. 3-kursda Yaponiyaga 2 ta grant yutib oldim: 2 haftalik va 1 yillik. 3-kursdan keyin ushbu grant asosida Yaponiyaga ketishim uchun bir yilga SamDCHTIdagi o‘qishdan ketishimga to‘g‘ri keldi, chunki menga akademik ta’til berishmadi. Bir yildan keyin o‘qishga qaytdim va Samarqanddagi o‘qishimni davom ettirdim.


Foto: Kamilla Yenikeyevaning shaxsiy arxividan

4-kursda o‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda gidlik va tarjimonlik bilan shug‘ullandim, shuningdek, MEXT stipendiyasi (magistratura/doktoranturaga o‘qishga kirish huquqi bilan stajyor-tadqiqotchi) uchun Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga hujjat topshirdim. Bakalavrdagi o‘qishim tugashidan yarim yil avval Yaponiya hukumatining stipendiyasini olish uchun barcha imtihon va tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tganimni bildim va Yaponiyaga ketishga tayyorgarlikni boshladim.

Bu orada SamDCHTIdagi o‘qishimni tamomlab, gidlik qildim. Parallel ravishda bir necha loyihalarda ishladim. Dastavval, Yaponiyadan kelib, O‘zbekistonda film tasvirga olgan guruh bilan, keyin yapon televideniyesi bilan Samarqandda sayyohlik ko‘rsatuvlarini tasvirga olish bo‘yicha, so‘ngra Toyoto loyihalaridan birida va hokazo.

Kamilla Yenikeyeva (o‘rtada), Akmal Burxonov (chapdan birinchi) va Yaponiyadan kelgan delegatsiya.

— O‘zbekistonda bakalavrni o‘qib, keyin chet elda o‘qishni davom ettiryapsiz. Nega bunday qarorga keldingiz? Masalan, siz bakalavrni bitirgach, ko‘pchilik kabi O‘zbekistonda ham ishlashingiz mumkin edi.

— Yaponiyaga birinchi marotaba ikki haftaga, keyin esa SamDCHTI talabasi sifatida bir yil muddatga bordim. Yapon filologiyasida o‘qiganligim bois ushbu mamlakatni, uning tili, madaniyati va odamlarini yanada yaxshiroq o‘rganishim uchun hech bo‘lmasa yarim yil — bir yil u yerda yashash men uchun muhim edi. Lekin ko‘proq vaqtga ketish rejamda yo‘q edi, chunki O‘zbekistonda davlat ishida ishlashni xohlardim. Men imkon qadar ko‘proq o‘rganib, olgan bilimlarimni o‘z Vatanimda qo‘llashni rejalashtirgandim.

4-kursda o‘qiyotgan vaqtimda 1 yil yetarli emas, degan qarorga keldim va magistraturada o‘qishni davom ettirish haqida o‘ylay boshladim hamda tilni o‘rganish uchun muhitning muhimligi sababli Yaponiyada o‘qishni davom ettirishga qaror qildim. Aynan shu narsa meni yana grantga hujjat topshirishga va imtihonlarga tayyorlanishga turtki berdi, chunki grant mening yagona imkoniyatim edi.

— Xorijga ketishdan avval siz uchun eng katta motivatsiya nima edi?

— Asosiy maqsadlarim — tajriba orttirish va yaponlar orasida yapon tilini o‘rganish edi.

Eng katta motivatsiya esa O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar sohasida yaxshi mutaxassis bo‘lish orzusi edi. Men turizm sohasini, xalqaro aloqalar sohasini, shuningdek, bu ikki mamlakat bilan bog‘liq turli loyihalarda ishlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdim. Bu orzuimni ro‘yobga chiqarish uchun menga birinchi navbatda yapon va ingliz tillarini yaxshi bilish, shuningdek, O‘zbekiston va Yaponiyada o‘qish hamda ishlash bo‘yicha tajriba orttirish muhim edi.

— O‘sha motivatsiya hali ham bormi? Balki yangilari qo‘shilgandir…

— Ayni vaqtda ikkinchi magistraturada 2-kurs talabasi hisoblanaman.

Ha, albatta motivatsiya bor, hatto aytishim mumkinki, ular yanada kuchaygan. Bundan tashqari, yangi maqsadlar paydo bo‘ldi, ulardan biri dasturlashni o‘rganish edi.

Foto: Kamilla Yenikeyevaning shaxsiy arxividan

Yaponiyaga ko‘chib o‘tgandan so‘ng, men IT sohasiga qiziqishni boshladim, mustaqil ravishda bir nechta onlayn kurslarni o‘tdim va dasturlash tillari, ma’lumotlar tuzilmalari, algoritmlar va boshqalarni o‘rgana boshladim.

Ma’lum vaqtdan so‘ng, men Google kompaniyasi (Tokiodagi ofisi) ta’lim dasturlaridan biriga hujjat topshirdim. Ushbu dasturga kirish baxtiga muyassar bo‘ldim. Mashg‘ulotlardan tashqari, menga har hafta yozgan kodlarimni tekshiradigan, uni takomillashtirish bo‘yicha maslahatlar beradigan va umuman menga yordam ko‘rsatadigan mentor — Software Engineer taqdim etishdi. O‘qish davomida men ko‘plab muhandislar, ishlab chiquvchilar, loyiha menejerlari bilan uchrashdim. Mashg‘ulotlar, murabbiy bilan ishlash va Google xodimlari bilan muloqot tufayli qiziqish faqat oshib bordi. Bu qiziqish ish qidirish yo‘nalishini belgilab berdi va men magistraturani tugatganimdan so‘ng (kelasi yilning mart oyida) IT-konsalting sohasida, ushbu sohadagi yetakchi kompaniyalardan biri Accenture`da ish boshlayman.

Tabiiyki, motivatsiya va maqsadlar faqatgina o‘qish va ishlash bilan bog‘liq emas, biroq shaxsiy hayot, oila, xobbi haqida odatda juda kam gapiraman.

— Yaponiyada siz ta’lim olayotgan universitetning O‘zbekistondagi OTMlar bilan farqi haqida gapirib bersangiz.

— Ayni vaqtda men Sukuba universitetida tahsil olyapman, bu Yaponiyaning TOP-10 OTMlari qatoriga kiruvchi, mamlakatdagi eng yirik universitetlardan biri hisoblanadi. Universitetda 10 mingga yaqin bakalavr hamda 7 mingga yaqin magistrant va doktorantlar tahsil olishadi. O‘qituvchilar va xodimlarning umumiy soni 4500 kishidan oshadi. Universitet dunyoning 61 mamlakatidagi 316 ta universitet va institutlar bilan ilmiy hamkorlikka ega. Bundan tashqari, Sukuba universitetida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 2500 dan ziyod xorijiy talabalar tahsil olmoqda.

Sukuba shahriga kelgan birinchi kunimni eslayman, taksi haydovchisidan (o‘shanda bu yerda taksi narxi qancha ekanligini bilmasdim) meni University of Tsukuba`ga olib borishini so‘ragan edim. U esa mendan universitetning aynan qaysi qismiga olib borishi kerakligini so‘radi. Avvaliga bu savolga tushunmadim, chunki Samarqandda odatda institut nomini aytsangiz, sizni manzilga olib borishadi. Ammo keyin ma’lum bo‘lishicha, butun shaharning uchdan bir qismi — universitet, qolgan uchdan bir qismi esa butun dunyodan kelgan olimlar ishlaydigan son-sanoqsiz tadqiqot markazlaridan iborat ekan. Universitetning hududi shunchalik katta ediki, men birinchi kunlarda adashib qolardim va bir darsdan ikkinchisiga ulgurish uchun turli binolar orasida velosipedda yurishimga to‘g‘ri keldi.

Men sezgan juda ko‘p farqlar bor, hatto nimadan boshlashni ham bilmayman va ularning hammasini sanay olishimga shubham bor.

Universitetga kirish. Abituriyent universitetda o‘qish yoki o‘qimasligi yiliga bir martagina topshirish imkoniyati bo‘lgan 70 ta savolli testlarga bog‘liq emas. Universitetlar tanlovi juda katta, ham davlat, ham xususiy universitetlar mavjud. Abituriyent turli OTMlarga hujjat topshirishi mumkin. Bunda faqat universitet tanlanadi, bilishimcha, mutaxassislikni keyinchalik yoki o‘qish davrida ham tanlash mumkin, hatto mutaxassislikni butunlay o‘zgartirish mumkin (albatta, o‘ziga yarasha juda ko‘p qoidalar mavjud). Ko‘pchilik davlat universitetlariga kirishni xohlaydi, chunki ularda o‘qish xususiylariga qaraganda arzonroq, lekin ularga kirish qiyinroq.

Bundan tashqari, ular universitet reytingiga ham qarashadi, chunki kelajakdagi karera shunga bog‘liq: eng yaxshi universitet bitiruvchilari eng yaxshi kompaniyalarda ishlaydi va umuman olganda, ularga nisbatan jamiyatda boshqacha munosabat mavjud. Shunchaki qandaydir bir universitetga kirish oson, eng yaxshi universitetlardan biriga kirish esa qiyin.

Bu yerda talabalik mustaqil hayotning boshlanishi degani. Abituriyentlar kamdan-kam hollarda o‘z ona shaharlaridagi universitetni tanlaydilar, albatta, ayrimlar bor, lekin hozirgacha men bilgan barcha talabalarning 95% ga yaqini boshqa prefekturalardan kelgan. Ular uyning yaqinligiga emas, balki ta’lim darajasi va kelajakdagi salohiyatga qarashadi. 18 yoshida avvaliga yotoqxonaga joylashadilar, bir yil-yarim yildan so‘ng ijaraga olingan kvartiraga ko‘chib o‘tgan talabalar mustaqil yashashni boshlaydilar.

Talabalik hayotining o‘zi. Asosiy mashg‘ulotdan tashqari, talabalar sport seksiyalarida yoki qandaydir to‘garakka qatnashadi. Talabalik hayoti faqat o‘qish bilan chegaralanmaydi. Va meni ajablantirgani shundaki, ba’zi sport seksiyalari talabalari sport bilan professional darajada shug‘ullanishadi va hatto ushbu sport turidan Olimpiya o‘yinlaridan medallar olib kelishadi.

Farqlardan yana bir — fanlarni tanlash. Talabalarning o‘zlari fanlarni va dars jadvallarini tanlaydilar. Dastavval diplom olish uchun qancha kredit ballar to‘plash kerakligi va tanlangan yo‘nalishdagi fanlar bo‘yicha qancha umumiy kreditlar yig‘ilishi kerakligi tushuntiriladi. Qolgan barchasini talabaning o‘zi rejalashtiradi. Talabaning o‘zi nechanchi kursda qaysi fanlarni o‘qishini tanlaydi.

Mutaxassislikni tanlash. Hamma universitetlarda shundayligiga ishonchim komil emas, lekin asosan kirishdan oldin mutaxassislikni tanlash shart emas. Ba’zi universitetlarda u bakalavrning 2 yoki 3-kursida belgilanadi. Bu talabaga turli fanlarni o‘rganish va qaysi mutaxassislikni tanlashni xohlashini tushunib yetish imkoniyatini beradi.

— O‘zi Yaponiyada ta’lim tizimi qanday?

— Asosan, bakalavr yoki magistr darajasini olish uchun kerakli miqdordagi kreditni yig‘ish kerak.

University of Tsukuba`da yiliga ikki semestr bor: bahor va kuz, ularning har biri 3 qismga: A, V, S ga bo‘linadi. O‘quv yili aprel oyida boshlanadi, A, V davomida asosan ma’ruzalar va seminarlar bo‘lib o‘tadi, C da esa intensiv (biror fanni tez, lekin intensiv tarzda o‘zlashtirish mumkin bo‘ladi — ba’zida kuniga 6−7 soat). Kerakli miqdordagi kreditlarni yig‘ishdan tashqari, tadqiqot o‘tkazish va diplom ishini yozish ham muhim ahamiyatga ega. 4-kurs (bakalavrlar uchun) va 2-kurs (magistratura) o‘quv yilining boshida talabalar ish qidirishni boshlaydilar. Odatda 1 semestr davomida ko‘pchilik birorta ham fanni olmasdan, kun bo‘yi shu bilan band bo‘ladi. Hujjatlar o‘rtacha 40−60 ta kompaniyaga topshiriladi, lekin ba’zilar bir necha taklif olish va ulardan birini tanlash uchun o‘qishni bitirishdan yarim yil avval 80−100 ta kompaniyaga hujjat topshirib qo‘yadi.

— O‘zbekistondan ketganingizdan keyin dunyoqarashingiz qay darajada o‘zgardi deb o‘ylaysiz?

— Yetarlicha o‘zgardi deb o‘ylayman. Birinchi navbatda, men yashagan jamiyatda umumiy me’yor sifatida qabul qilingan to‘g‘ri/noto‘g‘ri/ yoki chiroyli/noo‘rin va hokazo narsalar har doim ham boshqa jamiyatda bir xil bo‘lavermas ekan. Boshqa odamlarda boshqacha qarashlar, qadriyatlar, go‘zallik tushunchalari va hokazo bo‘lishi mumkin. Men shuni tushunishni, o‘zgalarning nuqtai nazarini qabul qilishni va hurmat qilishni o‘rgandim.

Foto: Kamilla Yenikeyevaning shaxsiy arxividan

Men tabiatga nisbatan mutlaqo boshqacha munosabatda bo‘la boshladim. Menda aynan nima o‘zgarganini tasvirlash qiyin, lekin Yaponiyaga ko‘chib o‘tganimdan keyin tabiatdan bahramand bo‘lishni, uni qadrlashni va unga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rgandim.

Men moddiy narsalarni kamroq qadrlay boshladim. Ilgari, men tez-tez biror narsa sotib olishni xohlardim: kiyimlar, texnika, kosmetika va boshqalar. Endi men atrofimdagi keraksiz narsalardan xalos bo‘lishga va menga kerak bo‘lmagan narsani olmaslikka harakat qilaman. Men ko‘proq taassurotlar, his-tuyg‘ular va yoqimli onlarni to‘plashga ko‘proq sarmoya kiritishni boshladim.

Tartibliroq bo‘ldim. Reja daftarlari, maqsadlar va rejalar kundaligi kundalik hayotimning bir qismiga aylandi.

— Yaponiyaga borganingizdan keyin qiyinchiliklar bo‘ldimi? Eng katta qiyinchilik nima edi?

— Umuman olganda, hammasini atrofdagi odamlar yordami bilan yengib o‘tsa bo‘ladi. Albatta, men ko‘p narsani o‘rganishim va ko‘p narsalarga ko‘nikishim kerak edi, lekin 3 ta eng qiyin narsalarni sanashim kerak bo‘lsa, men quyidagilarni aytgan bo‘lardim:

  1. Tanlov erkinligi. Birinchi kunlarda ular menga qancha kredit yig‘ish kerakligini va darslardan tashqari nima qilish kerakligini tushuntirishdi. Yil davomida kerakli kreditlarni yig‘ib olish uchun fanlarni o‘zim tanlashim va o‘zim uchun jadval tuzishim kerak edi. Menga bir nechta ensiklopediya hajmidagi mavjud fanlar ro‘yxati kiritilgan kitobni berishdi. Bundan tashqari, fanlar haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan onlayn platforma ham bor edi va fanlarning soni bir necha o‘n minglar edi. Men xoh xalqaro munosabatlar, xoh ma’lumotlar tuzilmalari bo‘yicha xohlagan fanni tanlash imkoniyatim borligini bilganimda juda xursand bo‘ldim. Lekin bularning barchasini o‘rganishga bir necha kun sarflaganimda keyin tanlash erkinligining bo‘lishi undan foydalanishni bilgandagina ajoyib narsa ekanini anglab yetdim. Men esa undan foydalanishni bilmasdim. Mening o‘rnimga kimdir fanlarni va dras jadvalini tanlashini xohlardim. Tanlov erkinligi bilan bog‘liq muammo faqatgina universitetga emas, hayotning deyarli barcha sohalariga taalluqli.
  2. Mustaqil rejalashtirish va yashash. Birinchidan, men deyarli hech qachon hech narsani rejalashtirmaganman va bu holda Yaponiyada yashash juda qiyin, nihoyatda qiyin. Siz doimo maqsadlar qo‘yishingiz va deyarli hamma narsani rejalashtirishingiz kerak. Ikkinchidan, men hech qachon yolg‘iz yashamaganman. Birinchi marta kvartiraga ko‘chib o‘tganimda (odatda bu yerdagi kvartiralar bo‘m-bo‘sh holatda ijaraga beriladi) barcha hujjatlar va shartnomalar bilan shug‘ullanishim, keyin barcha mebel va maishiy texnika sotib olishim, kommunal to‘lovlar bilan shug‘ullanishim kerak bo‘ldi. Men o‘z oilam bilan o‘z uyimda yashash va bunday narsalar haqida bosh qotirmaslik naqadar qulay ekanligini tushunib yetdim.
  3. Chap tarafda harakatlanishga ko‘nikish. Haydovchilik guvohnomamni olgach, men mashina haydashni boshladim va har safar qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishdan qo‘rqardim.

— Yuqorida IT-sohasida Yaponiyadagi yetakchi kompaniyalardan birida ish boshlashingizni aytdingiz. Sir bo‘lmasa, qancha oylik maosh taklif qilishayapti?

— Aniq miqdorini aytmayman, lekin aytishim mumkinki, konsalting kompaniyalari juda yaxshi oylik to‘laydi, hatto mahalliy o‘lchovlar bo‘yicha ham. Ish haqidan tashqari 2 turdagi bonuslar ham bor. Ba’zi ishchilarning bonuslari ularning ish haqidan oshib ketishi mumkin, bundan tashqari, ijtimoiy paket va turli qo‘shimcha to‘lovlar ham bor.

— Instagram sahifangizni kuzatganimda, ikkita narsa e’tiborimni tortdi: birinchisi, siz o‘z suratlaringiz ostiga deyarli qandaydir izoh yozmagansiz. Nima deb o‘ylaysiz, xorijdagi talabalar, ishlayotganlar o‘sha joy haqida biror narsa yoki chet elda qanday hissiyotlar bo‘layotgani haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashishi kerak emasmi?

— Yaponiyaga kelganimdan keyin men ijtimoiy tarmoqlarda juda kam vaqt o‘tkazdim. Instagram`da izohlarning yo‘qligining alohida sababi yo‘q. Aslida, o‘z sahifamda fikrlarim, taassurotlarim, sayohatlarimdan hikoyalar bilan bo‘lishishni boshlash haqida ko‘p o‘ylaganman, lekin boshlamadim. Rostini aytsam, men bunda o‘zim uchun biror ma’no yoki foyda ko‘rmayapman, menimcha, bunga sarflaydigan vaqtni boshqa biror narsaga ajratishim mumkin.

Foto: Kamilla Yenikeyevaning shaxsiy arxividan

— Ikkinchi e’tiborimni tortgan narsa, siz sayohatni yoqtirishingizni bildirgansiz. Hozirgacha qaysi mamlakatlarda bo‘ldingiz?

— Ha, mening orzuim — barcha mamlakatlarga sayohat qilish va barcha qit’alarga tashrif buyurish, shuningdek, bir necha mamlakatlarda yashab ko‘rish.

Afsuski, men juda kam mamlakatlarda bo‘lganman: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Rossiya, Vengriya, Italiya, Chexiya, Avstriya, Tailand, Tayvan, Malayziya. Ba’zilarida va ko‘pgina shaharlarda men bir necha bor bo‘lganman.

Yaponiyani hisoblamayman, men prefekturalarning yarmidan ko‘pini (olis Ogasavara va Okinava orollari bilan) va 60 dan ortiq shaharlarda bo‘ldim.

— Xorijga kelganingizdan so‘ng narsalaringizni yig‘ishtirib, ertaga O‘zbekistonga qaytaman deydigan holatlar bo‘lganmi?

— Yo‘q, unaqasi bo‘lmagan.

— Xorijga ketishingizga oilangizdagilar qanday qarashdi?

— Men 17 yoshimdan beri chet elda o‘qish haqida gapirganman, shuning uchun ular bir necha yillik uzoq munozaralardan so‘ng ko‘nishgan. Albatta, 17 yoshimda ular meni nafaqat chet elga, hatto Toshkentga o‘qishga ham qo‘yib yuborishmagan. Ammo 21 yoshdan boshlab ular asta-sekin qo‘yib yuborishdi, avvaliga 2 hafta, keyin 1 yil, keyin 3 yilga.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday? O‘zbekistonga qaytasizmi?

— Qisqa vaqtga — albatta, o‘ylaymanki bir marta emas. Men vatanimni, oilamni, do‘stlarimni sevaman va sog‘inaman. Men ularni ko‘rishga boraman va oilam meni oldimga ham kelishiga umid qilaman. Biroq hozircha uzoq muddatga qaytish rejasi yo‘q.

— Ayni vaqtda O‘zbekistondagi tengdoshlaringiz, kichik yoshdagilar va umuman xorijga o‘qishga bormoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Uchib ketishdan oldin safardan maqsad nima ekanligini aniq belgilab olishni maslahat bergan bo‘lardim. Maqsad qo‘ying va qanday odam bo‘lib qaytmoqchiligingiz, nimani o‘rganishni xohlashingizni tasavvur qiling.

Safar oldidan, albatta, borayotgan mamlakatning tilini, madaniyatini o‘rganing va umuman, safardan avval iloji boricha ko‘proq ma’lumot to‘plang. Agar maqsad o‘qish bo‘lsa, u holda bor e’tiboringizni unga qarating va qo‘yilgan maqsadlar haqida unutmang. Ayrimlar o‘qish uchun ketganligini, yaxshi mutaxassis bo‘lishni orzu qilganligini yoki o‘z biznesini ochish uchun tajriba orttirmoqchi bo‘lganligini unutib, bu yerda iloji boricha ko‘proq pul topish uchun past malakali ishlarda ishlashni boshlaydilar. Men buni yomon narsa deb aytmayman, shunchaki, o‘qishni tashlab ketish, ishning bu darajasida qolib ketish va yosh vaqtida imkoniyatlarni boy berish juda oson.

— Sizning sohangizda yutuqqa erishnoqchi bo‘lgan O‘zbekistondagi yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?

— Yapon filologiyasini o‘rganadiganlar uchun ko‘proq mashq qilishni, yapon tilidan foydalanish mumkin bo‘lgan har qanday imkoniyatni izlab topishni maslahat berardim.

Institutning xalqaro bo‘limi menga ajoyib tajriba berdi, juda kam odam ko‘ngilli tarjimon bo‘lishni va kun bo‘yi bepul tarjima qilishni xohlardi, lekin o‘rganish uchun ko‘p narsa bor edi.

Bundan tashqari, har doim iloji boricha aniq maqsadlar qo‘ying va bir yil, 5 yil va hokazoda nimaga erishishni xohlayotganingizni biling.

IT-konsalting sohasida men faqat keyingi yildan ishlay boshlayman, shuning uchun maslahat berishim qiyin.

Foto: Kamilla Yenikeyevaning shaxsiy arxividan

Qisqa savol-javoblar:

— Nimadan afsuslanasiz?

— Men O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar bo‘ylab yetarlicha sayohat qilmaganimdan afsuslanaman. Gid bo‘lib ishlagan va ko‘plab shaharlarni kezgan bo‘lsam ham, yaqin-atrofdagi juda chiroyli joylar qolib ketdi, men esa ularga bormaganman, deb hisoblayman.

— Xorijda nima sizni tushkunlikka tushirib qo‘ygan edi?

— Bu yerda Samarqand oshi yo‘q! Umuman hech qayerda. Va Samarqand noni ham. Rossiya va AQShdagi o‘zbek restoranlari, do‘konlari, mahallalari haqida eshitganimda, Yaponiyada bunday joylarning yo‘qligidan xafa bo‘laman.

— Agar 10 yil ortga qaytish mumkin bo‘lganda, qaysi xatoyingizni takrorlamas edingiz?

— Deyarli hech qaysi. Garchi, ehtimol o‘zim ulg‘aygan uyda ko‘proq vaqt o‘tkazgan bo‘lardim. Har doim unga xohlagan vaqtimda qaytishim mumkinligiga ishonardim, lekin bu yil u buzib tashlandi va endi men hech qachon unga qaytolmayman.

— 5 yildan so‘ng Kamilla Yenikeyeva o‘zini qayerda va qanday holatda ko‘radi?

— Birinchi navbatda sog‘lom, baxtli va oilam bilan Yaponiya, Yevropa yoki Kanadada yashashni istayman. Konsalting sohasida ishlashimga ishonchim komil emas, lekin ishim IT bilan bog‘liq bo‘ladi deb o‘ylayman.

— Agar tilla baliq tutib olsangiz undan O‘zbekiston uchun nima so‘ragan bo‘lar edingiz?

— Yashash, tibbiyot, ta’lim darajasi balandroq bo‘lishini.

Har bir fuqaroning hech bo‘lmaganda eng zarur ehtiyojlari: gaz, elektr energiyasi, toza suv, mamlakatdan chiqmasdan ishlash va oilasini ta’minlash imkoniyati, ta’lim olish imkoniyati bo‘lishini. Shaharlar yashil bo‘lishini, ko‘proq parklar bo‘lishi, barcha shaharlar qulay hamda beton va plastmassadan yasalmagan bo‘lishini.

Qolaversa, qanchalar xudbinlik bo‘lmasin, mamlakatdagi madaniy va tarixiy merosning saqlanishini so‘ragan bo‘lardim. Bundan boshqa muhimroq muammolar ko‘p bo‘lganida ham, men baribir, shuni aytib o‘tardim. Tarixiy shaharlarimiz tez o‘zgarib bormoqda, aksariyat xalqaro ekspertlarning fikricha, yaxshi tomonga emas. Mening shaxsiy fikrimcha, Samarqand va Buxoroda bo‘lishi kerak bo‘lgan muhit faqat Xivada saqlanib qolgan va menimcha, ko‘pga emas. Ko‘plab yodgorliklarni qayta tiklashga kelsak, men bu haqda soatlab gapirishim mumkin, lekin bu kimga kerak?!

Og‘abek Samisov suhbatlashdi.