15 avgust soat 10:00 holatiga ko‘ra, Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat yumshadi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ko‘prikning Afg‘oniston qismida to‘plangan Afg‘oniston fuqarolarining asosiy qismi ko‘prikni va unga tutash hududni mustaqil ravishda tark etgan.

«Bunga faol siyosiy va diplomatik sa’y-harakatlar, shuningdek, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida erishildi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» harakati Afg‘onistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Balx viloyatining ma’muriy markazi — Mozori-Sharif shahrini egallaganligini e’lon qilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on hukumati qo‘shinlarining bir qismi O‘zbekiston bilan chegara tomonga qochgan.

O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tgan 84 nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchisiga tibbiy yordam va vaqtinchalik boshpana taqdim etgan. TIV afg‘on fuqarolarini vataniga qaytarish hamda Termiz-Hayraton ko‘prigi hududidagi vaziyatni yumshatish uchun afg‘on tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda.