Ayni vaqtda prezident va Olimpiada o‘yinlari ishtirokchilari uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev Olimpiya o‘yinlarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha sezilarli natija bo‘lmaganini ochiq tan olish kerakligi, bu hol mutasaddi rahbarlarni jiddiy o‘ylantirishi zarurligini ta’kidladi.

«Agar kimdir, bundan keyin ham oldingi Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi, faqat yakkakurash sport turlari hisobidan yutuqlarga erishamiz, deb o‘ylasa, adashadi. Barchamiz yaxshi tushunamizki, Vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini namoyon etishda 2024 yilda bo‘ladigan Parij Olimpiadasi yanada muhim ahamiyatga egadir», — dedi prezident.

Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, bo‘lg‘usi Olimpiada oldidan futbol, basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, regbi, voleybol singari jamoaviy sport turlari bo‘yicha ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish asosiy maqsad bo‘lishi zarur.

«Shu maqsadda sport menejmenti bo‘yicha nufuzli xalqaro kompaniyalardan birini jalb etgan holda, mamlakatimizda ushbu sohada boshqaruv tizimining har bir bo‘g‘inini auditdan o‘tkazish maqsadga muvofiq», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovga Milliy olimpiya qo‘mitasi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar audit natijalariga asosan jismoniy tarbiya va sportni hamda sport federatsiyalari boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqib kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.

«Parijda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Olimpiadaga 100 dan ziyod litsenziyani qo‘lga kiritish va medallar bo‘yicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor. Har bir hudud kesimida Olimpiada o‘yinlariga hozirlik ko‘rish dasturlarini ishlab chiqib, uni tizimli tashkil etish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, sport ta’lim muassasalarida Paralimpiya bo‘limlarini tashkil etib, ularga 10 foiz qo‘shimcha kvotalar ajratish yaxshi natija berishi mumkinligi ta’kidlandi.

«Sportchilarni o‘qitishda ota-onalar tomonidan pul to‘lash tartibini bekor qilish zarur. Shuningdek, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichga, imtihon sinovlarisiz qabul qilish tizimini ham joriy etishimiz kerak», — dedi prezident.