Energetika vaziri Alisher Sultonov koronavirusga qarshi vaksinatsiyaning to‘liq kursini ikki marotaba o‘tgan. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi «Gazeta.uz» ga xabar berdi. Uning ma’lum qilishicha, vazir dekabr oyida to‘liq kursni va may oyida yana bir to‘liq kursni tugatgan.

«Nima vaksina bo‘lsa ham olish kerak. Mana men sizlarga aytaman, juda ham ko‘p yaqinlarim kasal bo‘ldi. Xudoga ming shukur, yoshi katta bo‘lsa ham vaksina qilgan ekanman ularga. O‘zimga ham qilganman, oilamdagilarga qilganman. Mana, yonimdagila kim kasal bo‘lgan bo‘lsa, yengil o‘tdi. Ishxonadagilarga ham, hammaga qildirganman. Birinchi marta dekabrda olganman, ikkinchi marta ikki oy oldin (mayda — tahr.) olganman», — degan edi Alisher Sultonov «Gazeta.uz» muxbiriga bergan intervyusida.

Vazir aynan qaysi vaksina bilan emlangani ma’lum qilinmadi.

Qayd etish joiz, dekabr oyida O‘zbekistonda o‘zbek-xitoy vaksinasining uchinchi bosqich sinovlari o‘tkazilayotgan edi. 1 apreldan boshlab COVID-19ga qarshi vaksinatsiya jarayoni boshlangan.

Avvalroq, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov COVID-19 ga qarshi to‘li emlangani haqida xabar bergan edik.