Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov «Ular» loyihasiga bergan intervyusida agentlikka nisbatan bosim yoki aralashuvlar bo‘lishi haqidagi savolga javob berdi.

«Bosim va aralashuvlar bo‘lmagan. Lekin qo‘ng‘iroq qilib „sizlar shu masalani ko‘taribsizlar, lekin buning sabablari bor“, deyishgan. Biz qonunchilik doirasida qilganmiz va bu narsalar to‘xtatib qo‘yilmagan», — deydi u.

Akmal Burxonovning ta’kidlashicha, agentlik faoliyatini to‘laqonli amalga oshirish uchun to‘siqlar bo‘lgan holatlar bo‘ladi.

«Ya’ni biror idoraga xat yoki murojaatni chiqarsak unga vaqtida javob berilmaydi, yoki bo‘lmasa u yoki bu idoraga „korrupsion omillar bor“, deya taqdimnoma kiritilsa, rahbarlar „bu korrupsion omil emas“, deyishadi. Taqdimnomamizga boshqacha munosabatda bo‘lishadi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Antikorrupsiya agentligi rahbarining ma’lum qilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021−2022 yillarga mo‘ljallangan davlat дастuрида agentlikning qonuniy faoliyatiga u yoki bu darajada to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilash masalasi bor.

«Agar bizning taqdimnomamizga adekvat reaksiya bildirilmasa, javobgarlikka tortish bo‘yicha taklif kiritganmiz. Lekin bu kabi holatlar bugungi kunda bor. Ayrim idora va vazirliklar hali ham agentlikni tan olgisi kelmaydi. Agar biz qandaydir korrupsion omillarni ko‘tarsak „yo‘q, bu unaqa emas“, deydigan idoralar bor. Buni tan olish kerak. Lekin eng asosiysi: bosim yo‘q», — deydi Akmal Burxonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qaysidir idoraning bo‘ysunuvida bo‘lganida, ularga nisbatan bosim bo‘lsa, agentlik bajarishga majbur bo‘lardi.

«Biz hozir faqat prezidentga bo‘ysunamiz va parlament oldida hisobdormiz. Shuning uchun bu borada bosim bo‘lmagan», — deydi u.