Dushanba, 9 avgust kuni Toshkent xalqaro aeroportida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim davomida “Gazeta.uz” muxbiri Og‘abek Samisov sportchilar hamda ularning onalari va MOQ bosh kotibi bilan qisqacha intervyu o‘tkazdi.

Samolyot uchib kelishidan avval aeroport ichkarisida O‘zbekiston delegatsiyasining yarmi hamda sportchilarning ota-onalari jam bo‘lgan edi. Dastlab, o‘zbekistonlik taekvondochi Nigora Tursunqulova o‘zining Olimpiada haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishdi.

Nigora Tursunqulova. Foto: Dilruh Isomiddinova

“Ikkinchi marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishim men uchun katta baxt. 4 yillikning eng nufuzli musobaqasi sportchi uchun eng katta baxt hisoblanadi. Bu musobaqada o‘z ishtirokimni medalsiz yakunladim. Sportchilar kuchli bo‘ldi. Men juda ham kuchli sportchilar bilan to‘qnash keldim. Birinchi raqibim xitoylik Jang Mengyu bo‘ldi. Bu ham men uchun katta tajriba bo‘ldi. Golden score`da yutqazdim, katta bo‘lmagan farqda. Lekin yuqorida aytganimdek, bu men uchun juda katta tajriba bo‘ldi”, — dedi u.

Keyinroq intervyu berishdan bo‘shamayotgan o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolovning onasi Sabohat Yakubova ham “Gazeta.uz"ga o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.

“Ichimdan o‘tgan hislarni so‘z bilan ta’riflab bera olmayman. Chunki farzandimning azaliy orzusi amalga oshdi. U dadasiga bergan va’dasi, prezidentimizga va xalqimizga bergan va’dasining ustidan chiqdi, yuzi yorug‘ bo‘ldi, shundan juda ham xursand bo‘ldim. Ko‘zimning yoshlarini tiya olmadim. Bugun ham televideniyega taklif qilishganida o‘g‘limni ko‘rsatishgan vaqti yana yig‘lab yubordim. Mening o‘g‘lim xalqimizning farzandiga aylanib bo‘lgan ekan. Xalqimiz uni juda ham yaxshi ko‘rar ekan, bundan boshim ko‘klarga yetdi”, — deya ta’kidladi u o‘g‘lining Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki haqida.

Olimpiada chempioni Bahodir Jalolovning onasi. Foto: MOQ

Undan o‘g‘lining final jangini nima uchun ko‘ra olmaganligi haqida so‘ralganida, Sabohat Yakubova har bir ona uchun farzandiga tushgan zarba — uning yuragiga tushgan zarba bo‘lishi haqida aytdi.

“Bahodirning bir joyiga zarba tushsa tasavvur ham qilolmayman. Shuning uchun ko‘rishni ham xohlamayman. Men faqat duo qilib o‘tiraman „farzandim oldimga sog‘-omon qaytsin“, deb. Yolg‘izgina o‘g‘lim deyman. Qizlarim turmushga chiqib ketgan. Unga bitta zarba tegsa ham ko‘tara olmayman. O‘g‘limga „jangga tushgan vaqting men uchun ham o‘zingni asra“, deb aytib qo‘yaman. „Raqiblaringga ham shikast yetkazmagin, o‘zing ham chiroyli jang qilgin“, deyman. Televizorda Bahodir Jalolov eng tartibli jang qiladigan deyishibdi, bu gaplardan ham xursand bo‘ldim”, — deya qo‘shimcha qiladi Olimpiada chempionining onasi.

U Braziliya mezbonlik qilgan Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari haqida ham eslab o‘tdi.

“O‘sha vaqtda turmush o‘rtog‘im ham vafot etgan edi. Bahodirning boksga kirib kelishiga rahmatli otasi sababchi bo‘lgan. Otasi ham boksni yaxshi ko‘rardilar. „Mening o‘g‘lim chempion bo‘ladi“, degandilar. Afsus, buni o‘zlari ko‘ra olmadilar. Farzandim otasiga rahmat olib kelganidan xursandman”, — deydi u.

“Gazeta.uz” muxbiri undan o‘g‘li samolyotdan tushgach unga qanday gap aytishini so‘raganida, Sabohat Yakubova “„Sen bilan faxrlanaman, o‘g‘lim“, deb aytaman”, — deya javob berdi.

Sportchilar Toshkent aeroportiga yetib kelishganidan so‘ng Bahodir Jalolov o‘zining final jangi haqida so‘zladi.

“To‘g‘risini aytsam, 1-raundda juda ham kuchli zarba o‘tkazib yubordim. U bokschi avval men bilan jang qilgan edi. Lekin shu zarbani o‘tkazib yuborganimdan keyin ortimda xalqim, prezidentim borligini esladim va o‘zimni qo‘lga oldim. 2- va 3-raundda bor kuchimni to‘pladim va g‘alaba qozondim”, — deydi u.

Boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov.

Bahodir Jalolovning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, kelajakda uning professional boksga o‘tish niyati bor.

Og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, Olimpiada o‘yinlari rekordchisi Akbar Jo‘rayev ham musobaqadagi ishtiroki haqida aytib o‘tdi.

“Albatta, raqibim kuchli edi. Oxirida yutaman, deb chiqqan edim va o‘z maqsadimga erishdim. Barcha qo‘llab-quvvatlab, duo qilib turganlarga rahmat aytaman. Bu medal — butun O‘zbekistonning medali”, — deydi u.

Og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiada chempioni Akbar Jo‘rayev.

“Gazeta.uz” muxbiri undan kelajakdagi rejalari haqida so‘radi.

“Bundan buyog‘iga endi Parij olimpiadasiga harakatni boshlaymiz. Bu yil endi musobaqalarda qatnashmoqchi emasman. Oilam bilan bo‘lib, dam olaman. Keyingi yil Jahon va Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. O‘sha musobaqalarda ishtirok etaman”, — deydi u.

Akbar Jo‘rayevning onasi Hafiza Normetova o‘g‘lining musobaqadagi ishtirokini jonli efirda hayajon bilan ko‘rganligini ta’kidladi.

“O‘g‘lim Olimpiadaga ketishidan avval „Akbar, o‘zingga ishon. O‘zbekiston sen uchun duo qilyapti“, deganman. Men Akbarga ishonardim. Chunki u omadli bola. Hozir u samolyotdan tushganida unga „Akbar rahmat. Bu medalni O‘zbekistonimizning 30 yilligiga sovg‘a qilding. Buni sendan kutgandim“, deb aytdim”, — deydi Akbar Jo‘rayevning onasi.

Davlat Bobonov Tokiodan Toshkentga 9 soat davomida uchib kelganligi, samolyotdan tushgach muxlislar, OAV xodimlari, shuningdek, bosh vazirning shaxsan o‘zi chiqqanini ko‘rib charchoqlar ham chiqib ketganini aytib o‘tdi.

Dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi Davlat Bobonov. Foto: MOQ

“Olimpiada juda ham yuqori saviyada o‘tadigan musobaqa. Va shunday bo‘ldi ham. Endi nasib bo‘lsa ushbu musobaqada qilgan xatolarimizni keyingi musobaqalarda to‘g‘rilaymiz va bularni 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlarida takrorlamaslikka harakat qilamiz”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

“Gazeta.uz” muxbiri o‘zbekistonlik afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina bilan ham suhbatda bo‘lib, undan Olimpiya o‘yinlaridan taassurotlari haqida so‘radi.

“Bu mening so‘nggi Olimpiadam edi. Ijobiy ham, salbiy ham emotsiyalar bo‘ldi. Men uyga qaytganimdan xursandman va endi boshqa bir yo‘nalishda harakat qilaman”, — deydi u.

Jahon gimnastikasi afsonasi, 8 marta Olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Oksana Chusovitina.

Kelajakdagi rejalari haqida so‘ralganida Chusovitina murabbiy bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

“Men O‘zbekistonda bolalar va yoshlar sportini rivojlantirmoqchiman, va shu yo‘nalishda harakat qilaman, aynan sog‘lom millatni shakllantirish uchun”, — deya qo‘shimcha qiladi 8 bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan Oksana Chusovitina.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ham Olimpiada taassurotlari bilan bo‘lishdi.

“Bu Olimpiada uzoq kutilgan Olimpiya o‘yinlari bo‘ldi. Butun dunyo sportchilari bir xil sharoitda 5 yil davomida tayyorgarlik ko‘rdi. Shunda ham, o‘ylaymanki, juda ham yaxshi darajada tashkil etildi. Qolaversa sportchilarning ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratildi”, — deydi u.

Oybek Qosimov (o‘ngdan ikkinchi). Foto: MOQ

“Gazeta.uz” muxbiri undan MOQ Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilarning ishtirokidan qanchalik darajada qoniqqanligi haqida so‘radi.

“Olimpiadadan avval maqsadlar kattaroq edi. Lekin hozirgi sharoitdan kelib chiqib boshqa davlatlarga ham qarasak, hamma kutgan natijasiga erisha olmadi. Shunday bo‘lsada Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida 1-o‘rinda turish yoki sobiq SSSR davlatlari orasida Rossiyadan keyin 2-o‘rinda turish ham yaxshi holat”, — deydi Oybek Qosimov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlarida 3 ta oltin va 2 ta bronza medaliga ega chiqib, yakuniy reytingda 32-o‘rinni egalladi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” O‘zbekiston delegatsiyasini kutib olish marosimidan fotoreportajni e’lon qilgan edi.

Og‘abek Samisov tayyorladi.