Chegaraning har bir metrini yoping — Belarus prezidenti

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko qo‘shni davlatlar rasmiylarini muhojirlarni o‘z hududlariga kiritmaslikda va «Belarusga yarim o‘liklarni qaytarishda» aybladi. «Xudo saqlasin, ular [qo‘shni davlatlar] rasmiy nazorat punktlari orqali taklif qilgan odamlarni quvib chiqarish taktikasini amalga oshira boshlasalar. Oqibatlarini sizlar bilasiz, ular ham. Shuning uchun ular o‘ylab ko‘rishsin. Odamlarni o‘ldirish va yarim o‘liklarni bizning hududimizga tashlashga yetdi. Natsistlar va tamom, boshqa gap yo‘q», — dedi Lukashenka chegaradagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishda. U, shuningdek, xavfsizlik kuchlariga davlat chegarasini himoya qilish va uni buzish faktlarini, xususan janub va g‘arbdan olib boriladigan ishlarni kuchaytirishni topshirdi. «Bugundan boshlab, Belarus hududiga qo‘shni tomondan, xoh janubdan, xoh g‘arbdan, hech kim bir qadam ham bosmasin. Chegaraning har bir metrini yoping», deya ko‘rsatma berdi Belarus rahbari. Lukashenko, G‘arb davlatlarini respublika bilan chegarada migrantlar bilan ataylab inqirozli vaziyat yaratishda aybladi va bu mamlakat hukumatiga bosim o‘tkazishning yangi usuli deb atadi.

5 avgust kuni Belarus Davlat chegara qo‘mitasi Litvaning o‘z hududidan muhojirlarni chiqarib yuborishda davom etayotgani, ularni Belarus chegarasini buzishga majbur qilayotganini aytdi. 4 avgust kuni Belarus chegarachilari Litva tomoni chiqarib yuborgan muhojirlar topilgani haqida xabar berishdi. Ma’lum qilinishicha, ularda o‘q jarohati va it tishlash izlari aniqlandi. Bundan oldin mamlakat chegarachilari Litva chegarasi yaqinida «sharqiy ko‘rinishdagi odamni» og‘ir ahvolda topishgan, u birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan paytda vafot etgan edi. — BelTA.

Avvalroq, Litva-Belarus chegara hududining noqonuniy muhojirlar bilan to‘lib ketgani, Litva hukumati Belarus bilan chegara hududida tikon-simli to‘rt metrli devor barpo etishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.


Meksika AQSh qurol ishlab chiqaruvchilarini sudga berdi

Meksika hukumati qurolli zo‘ravonlik qurbonlari sonining ko‘payishi munosabati bilan AQSh qurol ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilariga qarshi Boston federal okrug sudiga da’vo bilan murojaat qildi. «[Meksika hukumati] bu da’voni sudlanuvchilar Meksikada giyohvand kartellari va boshqa jinoyatchilarga qurollarni noqonuniy sotishni faol targ‘ib qilish orqali yetkazilgan katta zararni to‘xtatish uchun topshirmoqda», — deyiladi da’vo matnida. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat kamida 10 mlrd dollarlik tovon so‘ramoqda.

Quyidagi qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ayblanuvchi sifatida ko‘rsatilgan: Smith & Wesson Brands, Barrett Firearms Manufacturing, Beretta U. S. A. Corp, Colt’s Manufacturing Company LLC va Glock, shuningdek yirik qurol sotuvchisi Interstate Arms korporatsiyasi. — TASS (AR).


Gretsiya va AQShdagi o‘rmon yong‘inlari

Gretsiya. Gretsiya bo‘ylab 81 ta o‘rmon yong‘inlari qayd etildi. Eng yirik yong‘in Varibombi hududidagi Parnitsa tog‘ining etagida sodir bo‘ldi. Mamlakat u yerdan 300 dan ortiq fuqaroni evakuatsiya qildi. Hozirda fojia bilan «150 ta maxsus mashinada 520 nafar o‘t o‘chiruvchilar, 17 ta o‘t o‘chiruvchilar guruhi, to‘qqizta vertolyot va yettita samolyot» kurashmoqda.

Foto: AR/TASS

Foto: AR/TASS

Foto: EPA/Vostock-photo

Foto: Milos Bicanski/Getty Images

So‘nggi haftada Gretsiyada juda issiq ob-havo kuzatilmoqda. Mamlakatning ko‘plab joylarida soyadagi havo harorati 44−47 darajaga yetmoqda. Meteorologlarning fikricha, anomal issiq ob-havo taxminan 12 kun davom etadi.

AQSh. Kaliforniyadagi «Dixie» deb nomlangan yirik yong‘in so‘nggi bir necha kun ichida 110 ming gektardan ortiq maydonni qamrab oldi. Fojianing 35 foizi bartaraf etildi. Ta’kidlanishicha, kuchli shamol va tik yerlar olovni o‘chirishni qiyinlashtirmoqda. Issiq va quruq ob-havo tufayli yong‘inlar maydonining kengayishi kutilmoqda. Taxminan 15 ming odam evakuatsiya qilindi. Aholi orasida qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

6 iyul kunidan buyon Oregon shtatida «Bootleg» nomli yong‘inlar davom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t 167 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan. Yong‘inning taxminan 84 foizi bartaraf etildi.

3 avgust holatiga ko‘ra, AQShning 13 shtatida 20 mingdan ortiq o‘t o‘chiruvchilar va yordamchi xodimlar 7 ming 560 kv. km. maydonda 97 ta katta o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurash olib borishmoqda.


Chadda terrorchilar 24 nafar askarni o‘ldirishdi

Mamlakat janubi-g‘arbida «Boko Haram» terrorchilik guruhi jangarilari tomonidan kamida 24 nafar chadlik askar o‘ldirilgan. «4 avgust kuni patrulga jalb qilingan bo‘linma askarlar dam olish uchun to‘xtab turgan paytda hujumga uchradi. 24 nafar askar o‘ldirilgan, yaradorlar va bedarak yo‘qolganlar bor», deyilmoqda xabarda. Hujum Chad ko‘lidagi Chuku Teliya orolida sodir bo‘ldi. — TASS (Agence France-Presse).

Shuningdek, Burkina-Faso shimolida mamlakatda faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlardan biri tomonidan 10 dan ortiq aholi o‘ldirilgan.


Shuningdek:

  • Xitoy pandemiya boshlanganidan beri xorijiy davlatlarga tibbiy niqob va respiratorlarning eksportini deyarli to‘rt baravarga oshirdi. 2020 yil aprel holatiga bitta niqob yoki respiratorning eksport narxi 2019 yil dekabriga nisbatan 720,8 foizga ortgan.
  • Oq uy ma’muriyati mamlakatga faqat koronavirusga qarshi to‘liq emlangan chet elliklarning kirishiga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, AQSh Mudofaa vazirligi harbiylar uchun majburiy emlashni joriy qilishi mumkin.
  • Tailanddagi barcha dengiz milliy bog‘larida marjonlarning hayotiga xavf tug‘diruvchi quyoshdan himoya vositalaridan foydalanish taqiqlandi. Ta’kidlanishicha, tarkibida oksibenzon, oktinoksat, enzakamen (4-metilbenzilidenkamfora) va butilparaben moddalari bor kremlar va losonlar taqiqlanmoqda. Qoidabuzarlik uchun 100 ming batgacha (3 ming dollar) jarima solinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aytib o‘tilgan moddalar marjon polip lichinkalarini o‘ldirmoqda, ularning ko‘payishiga to‘sqinlik qilib, marjon riflarining oqarishiga olib kelmoqda.
  • Dunyo bo‘ylab koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni 200 mlndan oshdi. 4,2 mlndan ortiq odam COVID-19'ga chalinish oqibatida vafot etdi.
  • Buyuk Britaniyada 16−17 yoshdagi o‘smirlar koronavirusga qarshi emlanadi. Mamlakat Vaksinalar va emlash bo‘yicha qo‘shma qo‘mitasi o‘smirlarga ushbu bosqichda Pfizer/BioNTech vaksinasining bitta dozasini taklif qilishni tavsiya qildi.