“Jenoa” safida to‘p surgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov “Roma” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. “Bo‘rilar” Shomurodov transferi uchun 17,5 mln yevro to‘ladi.

Futbolchining agenti German Tkachenko Rossiyaning “Sport Ekspress” nashriga intervyu berib, Eldor Shomurodovning “Roma"ga o‘tishi ertak emasligini aytdi.

“Bu 90 foiz Eldorning mashaqqatli mehnati va qobiliyati, qolgan 10 foiz esa biz shunchaki o‘z ishimizni sifatli bajarganimizdan. Albatta, bu Eldorning o‘z mehnati, qobiliyati va harakati samarasi”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Unga “Roma” qanday qilib Shomurodovga qiziqib qolgani haqida savol berildi.

“Mish-mish emas, jiddiy qiziqish taxminan 3 hafta oldin paydo bo‘ldi. „Jenoa“ bizga Rim klubidan qiziqish bo‘layotgani haqida ma’lumot berdi va bu haqiqat edi. Bunga qadar barchasi mish-mish edi”, — deya javob berdi German Tkachenko.

Shuningdek, agent Eldor Shomurodov va Joze Mourino (“Roma” klubi bosh murabbiyi — tahr.) o‘rtasidagi muloqot haqida ham aytib berdi.

““Jenoa"ning ruxsati bilan ular telefon orqali gaplashishdi. Joze undan holati, kayfiyati haqida so‘radi. “Roma” ayni paytda Portugaliyada yig‘in olib bormoqda, Eldor u yerga uchib borgach, Joze bazada uni qarshi oldi va kulib yana bir bor rasmga tushishga tayyorligini aytdi: bir necha yil oldin ular Moskvada uchrashib qolishgan va rasmga tushishgandi. Umuman, barchasi ijobiy ruhda o‘tdi”, — deydi Eldor Shomurodovning agenti.

“Roma” bosh direktori Tiagu Pintu ham Eldor Shomurodov transferi borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Eldor — yuqori salohiyatga ega futbolchi. U o‘ziga yaxshi tanish bo‘lib ulgurgan ligada muvaffaqiyatli ishtiroki bilan “Roma"da o‘zini ko‘rsatish niyatida. Ishtiyoq bilan birgalikda, uning imkoniyatlari murabbiyimiz Joze Mourinoning o‘yin uslubiga ham mos keladi. Shuning uchun ham biz Shomurodovni klubda ko‘rishdan xursandmiz”, — dedi Pintu.

O‘zbekistonlik futbolchining o‘zi “Roma” safidagi ilk intervyusini berdi.

“Vatanimni tanitishdan faxrlanaman. Bu men uchun katta faxr. Buni “Jenoa"ga o‘tganimda ham bilganman. Qanday katta klubga o‘tganimni muxlislar yaxshi bilishadi, shu bois endi ko‘proq muxlislik qilishadi”, — deydi Eldor.

Eldor Shomurodovning “Roma” safidagi ilk fotogalereyasi

Foto: gettyimages