29 iyul kuni soat taxminan 16:40 da Urgut tumani Ustaxona qishlog‘i hududidan o‘tgan yo‘lda YTH sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda IIV YHXBB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, yuqori tezlikda harakatlangan Lacetti boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi uyning devoriga borib urilgan.


Foto: Videodan lavha

YTH natijasida 24 yoshli haydovchi va mashinadagi 16 yoshli yo‘lovchi voqea joyida vafot etdi.

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 31 iyul kuni soat 01:45 larda, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani, “Alijon” MFY hududidan o‘tuvchi M-37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 71-kilometrida ham YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXBB axborot xizmati xabar berdi.

Haydovchi E.U. (1983 y.t.) “YUTONG” rusumli avtobusda “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotib yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yubormaslik maqsadida rulni o‘ng tomonga burgan va boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtobus ag‘darilgan.

Foto: Samarqand viloyati YHXBB axborot xizmati

Natijada, avtobus salonida bo‘lgan, 24 yoshli J.N. shifoxonada va 40−45 yoshlar atrofida bo‘lgan yo‘lovchi shifoxonaga olib borilayotganda, yo‘lda vafot etgan. Shuningdek, yo‘lovchilar, 48 yoshli B.S., 29 yoshli A.A., 22 yoshli G. S., 48 yoshli M.B. va 35 yoshli D.A.lar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.