Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining sakkizinchi kunida 3 nafar sportchi, hamda 6 nafar kishidan iborat O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi bellashuvlarda mamlakatimiz sharafini himoya qildi.

Dzyudo. Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aralash jamoaviy bellashuvda chorak final yo‘llanmasi uchun Niderlandiyalik dzyudochilarga qarshi bahs olib bordi.

Ushbu jamoaviy bahsda O‘zbekiston sharafini quyidagi dzyudochilar himoya qildi: Bekmurod Oltiboyev (+90 kg), Diyora Keldiyorova (-57 kg), Hikmatilloh To‘rayev (-73 kg), Gulnoza Matniyazova (-70 kg), Davlat Bobonov (-90 kg) va Farangiz Hojiyeva (+70 kg).


Bellashuvning asosiy vaqti 3:3 hisobida yakunlandi. Oltin ochko uchun kechgan qo‘shimcha raundda +90 kg vazn toifasi tanlab olindi. Unda Bekmurod Oltiboyev Xenk Grolga shidolar bo‘yicha imkoniyatni boy berib qo‘ydi va raqib jamoa keyingi bosqichga yo‘l oldi.


Shu tariqa, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu Olimpiya o‘yinlarida -90 kg vazn toifasida kurashgan dzyudochi Davlat Bobonov O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga bronza medalini taqdim qilgan edi.

Boks. 52 kggacha vazn toifasadi bellashuvlarda ishtirok etayotgan bokschi Shahobiddin Zoirov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi navbatdagi jangida Kabo-Verde vakili Varela Daniyelni mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi.


Yarim final uchun kechadigan bellashuvda Zoirovga Filippin vakili Kardo Paalam raqiblik qiladi.

Yana bir o‘zbekistonlik bokschi Elnur Abduraimov ham 63 kggacha vazn toifasidagi Olimpiada chempionligi uchun ikkinchi jangini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

Nimchorak finalda unga tojikistonlik tajribali bokschi Bahodur Usmonov raqiblik qildi. Elnur Abduraimov bu bellashuvni yaqqol ustunlik bilan yakunlab, chorak finalga yo‘l oldi.


Yarim final uchun u armanistonlik Xovxannes Bachkov qarshiligini sindirishi kerak.

Shunday qilib, Olimpiya o‘yinlaridagi boks bellashuvlarida 4 nafar o‘zbekistonlik sportchilar yarim final yo‘llanmalari uchun kurash olib boradigan bo‘lishdi. Oldinroq, Bahodir Jalolov va Rayhona Qodirovalar ham chorak final yo‘llanmasiga ega bo‘lgandilar.

O‘q otish. Miltiqdan otish dasturida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Muxtasar Tohirova 50 metr masofadan 3 xil holatda (tik turib, o‘tirib, yotib) otish yo‘nalishida omadini sinab ko‘rdi.

Saralash bosqichlarda 9,625 ochko to‘plagan Tohirova umumiy jadvalda 32 o‘rinni egallab, musobaqalardagi ishtirokini yakunladi.

Xabar e’lon qilingan vaqtda O‘zbekiston bitta oltin va bitta bronza medali bilan turnir jadvalining 31-pog‘onasini egallab turibdi.