Agar birinchi doza vaksinani olib, ikkinchisi bilan emlanmagan yoki ikkita bosqichda emlanib, 3 doza vaksina olinmagan bo‘lsa 12 hafta muddat ichida keyingi doza bosqichlarini davom ettirish mumkin. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, emlanishlar orasidagi muddat 12 haftadan ko‘p bo‘lsa, ya’ni 3 oydan ortiq bo‘lsa emlanish qaytadan — birinchi dozadan boshlanadi.

«Vaksinaning qaysi turi bo‘lishidan qat’iy nazar, AstraZeneca, Sputnik V yoki ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bo‘ladimi, oraliq muddat 12 haftadan oshsa, revaksinatsiya qilinadi», — deya ta’kidladi Botir Qurbonov.

Virusologiya instituti direktori Erkin Musaboyev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida o‘zbek-xitoy vaksinasi, shuningdek AstraZeneca va «Sputnik V» bilan emlangandan keyin qancha vaqt o‘tgach qayta emlanish kerakligi masalasi ko‘rib chiqilayotgani va bu borada hali aniq ko‘rsatmalar mavjud emasligi haqida aytgan edi.