O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va Federal kansleri Angela Merkelga ushbu mamlakat g‘arbida ro‘y bergan halokatli toshqinlar oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Germaniya xalqiga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Doyche Velle ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyaning g‘arbiy qismida tabiiy ofat qurbonlari soni 156 kishini tashkil etmoqda. 18 iyul, yakshanba kuni ertalab Koblenseda politsiya departamenti vakili xabar berishicha, Reynland-Pfals federal yerida tabiiy ofat qurbonlari soni yana 12 kishiga ko‘payib, 110 kishiga yetdi. Shimoliy Reyn-Vestfaliyada shanba, 17 iyul kunining kechki paytigacha 45 ta o‘lim qayd etildi.

Bundan tashqari, Berxtesgadener-Landning Yuqori Bavariya okrugida suv toshqini oqibatida kamida bitta odam vafot etdi. Shunday qilib, hozirgi ekologik ofat paytida halok bo‘lganlar soni 2002 yilda Germaniya sharqida, Saksoniyada 21 kishining hayotiga zomin bo‘lgan «asr toshqini» natijasida halok bo‘lganlar sonidan ancha yuqori.